AsosiyJamiyat

​Xalq tabobati tovarlari reklamasiga doir qanday tartiblar belgilandi?

'​Xalq tabobati tovarlari reklamasiga doir qanday tartiblar belgilandi?'ning rasmi

2022 yil 7 iyunda qabul qilingan “Reklama to`g`risida”gi yangi Qonunning 45-moddasida xalq tabobati tovarlari reklamasi bo`yicha tartiblar belgilangan.

Unga ko`ra, reklamalar xalq tabobati tovarlarini qo`llash natijasida kasalliklardan tuzalganlik va inson sog`lig`i holati yaxshilanganligining muayyan hollariga havolalarni o`z ichiga olmasligi lozim.

Shifokorga murojaat etish kerak emasligi haqida taassurot uyg`onmasligi kerak. 

 Xalq tabobati tovarlarini dori vositalari, ovqatga qo`shiladigan biologik faol va oziq-ovqat qo`shimchalari sifatida taqdim etish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, xalq tabobati tovarlari reklamasi:
- sog`lom odamda uni qo`llash zarurligi to`g`risida taassurot uyg`otmasligi;
- voyaga etmaganlarga qaratilmasligi;
ijobiy ta`siri, xavfsizligi, samaradorligi va nojo`ya ta`sirlari mavjud emasligini kafolatlamasligi;
- davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun majburiy bo`lgan tadqiqotlar olib borilganligi faktiga havola qilish yo`li bilan xalq tabobati tovarlarining afzalliklari to`g`risida tasavvur hosil qilmasligi;
- xalq tabobati tovarlarining xavfsizligi va (yoki) samaradorligi ularning tabiiy kelib chiqishi bilan kafolatlanganligi to`g`risidagi ta`kidlarni o`z ichiga olmasligi kerak.

 Xalq tabobati tovarlari reklamasida ularni qo`llashga va ulardan foydalanishga qarshi ko`rsatmalar mavjudligi, qo`llashga doir yo`riqnoma bilan tanishish yoki mutaxassislardan maslahatlar olish zarurligi to`g`risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.

 Shuningdek, Qonunda xalq tabobati tovarlari reklamasi bo`yicha rag`batlantiruvchi aksiyalarni o`tkazish taqiqlandi.

Eslatib o`tamiz, ushbu Qonunda barcha turdagi reklama matnlari davlat tilida bo`lishi majburiyligi belgilab qo`yildi.

Mazkur hujjat shu yil 9 sentyabrdan kuchga kiradi.


 

    Boshqa yangiliklar