1

Qandli diabetni ilk alomatidan oldin aniqlash yo`li topildi

Salomatlik 19.08.2022, 22:14
Qandli diabetni ilk alomatidan oldin aniqlash yo`li topildi

Bu uchun dastlab jonivorlarda tajriba o`tkazilgan.

Shveysariyaning Jeneva universiteti olimlari qandli diabetni kasallikning ilk belgilari paydo bo`lishidan avval aniqlash imkonini beruvchi molekulani topdi.

Ma`lum qilinishicha, yallig`lanish diabet rivojlanishida asosiy rol o`ynaydi. Jumladan, oshqozon osti bezining yog`ga to`lib qolishi va zararlanishi insulin ishlab chiqaruvchi beta-hujayralar faoliyatini o`zgartiradi hamda ularning kamroq gormon ishlab chiqarishiga sabab bo`ladi. 

Qisqa qilib aytganda, beta-hujayralar zararlanishi ushbu kasallikning belgisi hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, tadqiqotchilar sun`iy intellekt va molekulyar biologiya usullari yordamida tajriba o`tkazdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati bergan xabarida so`z boradi.

Qayd etilishicha, natija minglab molekulalar orasidan aynan oshqozon osti bezi beta hujayralari shikastlanishini eng yaqqol ifodalovchi turini ko`rsatgan. Bu 1,5-angidroglyusitola (1,5-AGG) molekulasi bo`lib, tanada uning kamayishi beta-hujayralar tanqisligidan dalolat berishi aytiladi.

Dastlab jonivorlarda muvaffaqiyatli o`tkazilgan tajriba navbatdagi bosqichda odamlarda sinab ko`rilgan. Bu jarayonda qandli diabetga chalingan va sog`lom insonlarning 1,5-angidroglyusitola miqdori solishtirilgan.

“Qandli diabet bilan kasallanganlarda 1,5-AGG darajasi sezilarli miqdorda pasayishiga ishonch hosil qildik. Bu xastalikning dastlabki belgilari boshlanishidan oldin ham kuzatilishi qayd etildi”, — deydi tadqiqot bosh muallifi Sesiliya Ximenes-Sanches.

Ma`lumot o`rnida, mazkur kashfiyot qandli diabet profilaktikasiga doir qulay va arzon usullarni ishlab chiqishga yordam berishi mumkin. Chunki 1,5-AGG darajasini oddiy qon tekshiruvi yordamida osongina aniqlasa bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1