Bugun, 22 avgust kuni Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov kongressmenlar Trent Kelli va Darin Lahuddan iborat Amerika Qo`shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi delegasiyasini qabul qildi.
Uchrashuv davomida O`zbekiston-Amerika munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqotda parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, siyosiy, savdo-investisiya, akademik va madaniy-gumanitar sohalardagi muloqotni ikki davlat darajasida ham, kongressmenlar vakili bo`lgan Missisipi va Illinoys Shtatlari bilan ham chuqurlashtirishga alohida e`tibor qaratildi.
Kongress vakillar palatasidagi "O`zbekiston bo`yicha Kokus" faoliyati alohida muhokama qilindi. Uning hamraisi kongressmen T. Kelli hisoblanadi. Kokus tarkibi O`zbekiston bilan strategik sheriklikni tizimli rivojlantirishni har tomonlama qo`llab-quvvatlaydigan istiqbolli amerikalik qonun chiqaruvchilar hisobiga jadal kengayib borayotgani ta`kidlandi.
Ikki tomonlama savdo-investisiya aloqalarining jadal sur`atlarda o`sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Kongressmenlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo`llab-quvvatlash yuzasidan choralarni ko`rishga tayyorligini bildirdi.
Afg`oniston masalasida fikr almashinildi. Tomonlarning ushbu mamlakatdagi murakkab gumanitar vaziyatning oldini olish bo`yicha o`zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari, shuningdek, mamlakatlarimizning xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalari ham ko`rib chiqildi.






