Ijtimoiy tarmoqlarda Bo`zsuv kanalining Zangiota tumani “Tokzor” MFY hududidan o`tgan qismiga zaharli kanalizasiya suvlari oqizilayotgani to`g`risida xabarlar paydo bo`ldi.
Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi holatga oydinlik kiritdi.
Ma`lum qilinishicha, o`rganish jarayoniga ekologik mobil laboratoriya ham jalb qilinib, Bo`zsuv kanaliga tashlanayotgan oqova suvlardan, kanal 500 metr tepa va past qismlaridan tahlil uchun namunalar olindi.
O`rganishlar davomida suv qora rangda ekani to`qimachilik korxonalarida ishlab chiqarish jarayonida hosil bo`ladigan rangli oqova suvlar bilan bog`liqligi ma`lum bo`ldi.
“Bo`zsuv aerasiya stansiyasi” texnologik jarayonlari ko`zdan kechirilgan hamda ushbu tozalash inshootiga muntazam ravishda me`yordan ortiq ifloslangan moddalar va rangli eritmalar tashlab kelayotgan 7 ta to`qimachilik va 2 ta qog`ozni qayta ishlovchi korxonalar ro`yxati shakllantirilgan.
Endilikda har bir korxona faoliyatini tekshirish yuzasidan biznes-Ombudsmanga buyurtmalar kiritilib, belgilangan tartibda ekologik nazorat, o`rganish ishlari olib boriladi.






