Prezident Shavkat Mirziyoev Nukus shahridagi Amudaryo mahallasini borib ko`rdi.
Bu erda 6 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. 2 ta sanoat korxonasi, 20 dan ortiq savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalarida odamlar ish bilan band.
Yaqinda mahalladagi ichki yo`llar, tabiiy gaz va elektr tarmoqlari ta`mirlandi. Yon-atrof obodonlashtirildi. Maktab va maktabgacha ta`lim muassasasi qiyofasi yangilanib, sharoitlari yaxshilandi.
Ushbu maktab hovlisida mahalla faollari, nuroniylar bilan samimiy suhbat bo`ldi.
- Men Prezident sifatida boshqa hududlarga nisbatan eng ko`p Qoraqalpog`istonga kelibman. Birinchi qadamlarimizdan bildikki, pastga tushsak, birlashsak, harakat qilsak, o`zgarish qilsa bo`lar ekan. So`nggi yillarda Qoraqalpog`istonda katta yanilanish bo`ldi. Ichimlik suvi ta`minoti yaxshilandi, maktabgacha ta`lim qamrovi oshdi. Ko`plab uy-joylar qurildi. Bunday o`zgarishlarni sizlarning mahallangizda ham ko`rib, xursand bo`ldim, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Nuroniylar iyulda yuz bergan voqealar katta xato bo`lganini, ayrim yoshlar adashganini aytdilar. Asrlar davomida qoraqalpoq va o`zbek bir tanu bir jon bo`lib ketganlarini ta`kidlab, xalqimizga tinchlik-omonlik so`rab duo qildilar.
- Albatta bu barchamizni qattiq tashvishga soldi. Bu hodisalar Qoraqalpog`iston xalqining xohish-irodasi emasdi. Qoraqalpoq elining vijdoni pok. Xalqimiz «et bilan tirnoq». Ilohim, bunday ko`ngilsizliklar boshqa bo`lmasin, yurtimiz tinch, og`zibirchiligimiz abadiy bo`lsin, - dedi Prezident.
Shu bilan davlatimiz rahbari Qoraqalpog`istonga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.






