Prezidentimizning tegishli qaroriga ko`ra, Mustaqillik bayrami munosabati bilan 1-4 sentyabr sanalarida ketma-ket dam olish kunlari belgilangan.
Ana shu davrda xalqimiz salomatligini ta`minlash, xususan, bayram va qo`shimcha ishlanmaydigan kunlarda mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligida shtab tashkil etildi, deyiladi Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabarida.
1-4 sentyabr kunlarida quyidagi davolash-profilaktika muassasalarida 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimi qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga xizmat ko`rsatadi:
- 1028 ta oilaviy poliklinika,
- 956 ta oilaviy shifokor punkti,
- tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar,
- ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari,
- tibbiyot oliy o`quv yurtlari klinikalari.
Shuningdek:
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 182 ta aholi punktida joylashgan shoshilinch tibbiy yordam bo`limlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta`minlanib, zaxira o`rinlari yaratilgan.
Mamlakatimiz bo`ylab 2724 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo`ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.
Bundan tashqari, 227 ta tug`uruq, 245 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi.
Respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollaringizga malakali mutaxassislardan tunu kun javob olishingiz mumkin.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan bo`limlarida ham 24 soat davomida 200 nafardan ziyod navbatchi shifokor, qariyb 200 nafarga yaqin vrach-laborant va yordamchi xodimlar o`z faoliyatini davom ettiradi.
"Darakchi.uz" Mustaqillik bayrami va dam olish kunlarida uzluksiz fuqarolar sog`lig`iga g`amho`rlik qiladigan barcha tibbiyot xodimlariga o`z minnatdorligini bildiradi.






