2 sentyabr kuni Qozog`istonning Qo`stanay viloyatida boshlangan yirik o`rmon yong`inlari sabab 43 ming gektar maydonga zarar etgani haqida xabar bergan edik.
Tabiiy ofat 106 mingta o`rmon resurslarini qamrab olgan. Yong`in ko`lami issiq havo va kuchli shamol tufayli kengayib borgan.
O`zbekiston rahbari qo`shni Qozog`istonga favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordam ko`rsatishga tayyorligini bildirdi. Xususan, Shavkat Mirziyoev bugun, 6 sentyabr kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Qozog`iston etakchisiga Qo`stanay viloyatidagi o`rmon yong`inlari munosabati bilan dalda so`zlar bildirilgan. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek, mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan. Shu jumladan, shu oyda Samarqand shahrida o`tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibi ham muhokama qilingani aytiladi.
Dilbar Abdunabieva.






