AsosiyShou-biznes

Mashhur serial yulduzlari kimlar bilan turmush qurgan?

Oltin sochli, “Muhtasham yuz yil” serialining yulduzi Maryam Uzerli ayni kunlarda tug`ilgan kunini nishonladi, deb xabar berdi “Lady.mail.ru” nashri.

Turk seriallari muxlislari uchun mashhur turk aktyorlari hayotidagi yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Maryam Uzerli va Alp Ozjan

Serialda bosh qahramon, Xurram Sulton obrazini gavdalantirgan aktrisa hayotda ham qahramonidan qolishmaydi. “Muhtasham yuz yil” serialining suratga olish ishlari davom etayotganda unashtirilgan yigiti, tadbirkor Jan Atesh bilan juda ko`p marotaba janjallashib, qattiq asabiylashishga majbur bo`ldi. Maryam undan homilador ekanligini bilgach, munosabatlar battar taranglashdi. Atesh undan bolani oldirib tashlashni talab qildi. Oqibatda aktrisa undan qochib ketishga majbur bo`ldi va qiz farzandni dunyoga keltirib, unga o`zining familiyasini berdi. Ayni vaqtda Maryam o`zini juda baxtli his qilmoqda. Chunki bir necha oylardan beri yaxt-klub egasi bo`lmish Alp Ozjan bilan uchrashib kelmoqda. Alp nafaqat Maryamdan, balki uning qizidan ham mehrini ayamayapti. Ular yaqin kunlarda to`y qilishni rejalashtirishgan.
“Qizim Lara tug`ilguncha juda qo`rqoq bo`lganman. Endi esa faqat uning salomatligidan qo`rqaman. Boshqa biror narsa bilan meni qo`rqitishning iloji yo`q”, deydi Maryam Uzerli.

Xalit Ergench va Bergyuzar Korel

Sulton Sulaymon rolining ijrochisi Xalit Ergenchning uylanganiga ancha bo`lgan edi. Ammo “Ming bir kecha” filmi s`yomkalari jarayonida u haqiqiy muhabbatini uchratib qoldi. Biroq hali xotinidan ajrashmagan edi. Bergyuzar Korelni uchratgandan keyin darhol turmush o`rtog`idan ajrashib, teleshou s`yomkasida uning qo`lini so`radi. Hozirda ularning bir nafar o`g`il farzandi bor.

“Biz rafiqam bilan turli shaharlarga sayohat qilishni xush ko`ramiz. U erdagi kafe-restoranlardan mazali taomlarni tanovvul qilish joni-dilimizdir”, deydi Xalit Ergench.

Burak Ozchivit va Faxriya Evjen

Bu juftlik ham yuqoridagi juftlik kabi s`yomka maydonida uchrashgan. Burak va Faxriya “Choliqushi” serialining suratga olish jarayonida uchrashib, bir-birini sevib qolgan. Ozchivit Faxriyaga erishish uchun sobiq sevgilisi model Jeylan Chapadan voz kechdi. Ular uch yildan beri uchrashib kelishadi. 2017 yilning yoz oylarida to`y qilishni rejalashtirishgan.

“Uchrashganimizga ko`p bo`lgani yo`q, ammo Faxriyaning aktrisa sifatida o`ynagan rollarini kuzatib bormayman. Ammo yaqinda uni “Xazonrezgi” serialida ko`rib, qobiliyatiga tan berdim. Faxriya ham xuddi men kabi “Choliqushi” serialida rol o`ynashni juda orzu qilgan ekan”, deydi Burak Ozchivit.

Selma Ergech va Jan Oz

Sulton Sulaymonning singlisi Xadicha Sulton rolini o`ynagan go`zal aktrisa Selma Ergech tadbirkop Jan Oz bilan baxtli hayot kechirmoqda. Bir necha yillik uchrashuvdan keyin juftlik 2015 yilda Selma tug`ilib o`sgan, Germaniyada to`y qilishdi. Juftlik ko`p mehmon chaqirmay, yaqinlari davrasida kamtarona tarzda to`y o`tkazishdi. 2016 yilning bahor oyida ularning oilasida qiz farzand dunyoga keldi.

“Baxtli bo`lishim uchun menga ko`p narsa kerak emas, masalan, og`ir ish kunidan keyin uyda o`tirishni xush ko`raman. Sha`nimga samimiy maqtov aytishsa ham juda xursand bo`laman. Atrofimni qurshab turgan barcha odamlar samimiy munosabatda bo`lsa ham juda ko`nglim ko`tariladi”, deydi Selma Ergech.

Nur Aysan va Levent Veziroglu

Bu go`zal aktrisa tadbirkor Levent Veziroglu o`zi kutgan oq ot mingan shahzoda ekanligini darrov tushunib etmadi! Ular 2013 yilda turmush qurishgan bo`lsa, ammo 2015 yilga kelib ajrashishdi. Bu juftlikning oilasini farzand saqlab qoldi. Nur Aysan oilasiga qaytgach, qiz farzandni dunyoga keltirdi.

“Haqiqiy muhabbatingni topish oson ish emas. Muhabbating uchun kurashishingga to`g`ri keladi. Agar og`ir vaziyat yuzaga kelsa, hayot insonga bir marta berilishi haqida o`ylayman va ketishga harakat qilaman”, deydi Nur Aysan.

Pelin Karaxan va Bedri Gyuntay

“Muhtasham yuz yil” serialida Mehrimoh rolini ijro etgan Pelin Karaxan ayni s`yomka kunlarida turmush o`rtog`idan ajrashgan edi. Bu bilan barcha muxlislar diqqatini o`ziga qaratdi. U og`ir kunlarni boshdan kechirayotganda tadbirkor Bedri Gyuntay unga yordam qo`lini cho`zdi, mehru muhabbatini ayamadi. Ular 2014 yilda to`y qilishdi.

“Farzand hayotimni tubdan o`zgartirib yubordi. Dam olish kuni tonggi nonushtadan keyin, havo yaxshi bo`lsa, soat 7 da, albatta xiyobonga aylanishga boramiz. Uxlab turgandan keyin farzandim bilan turli o`yinlarni o`ynaymiz. Har kuni bir narsa: ovqatlanish, sayr, uyqu takrorlanaveradi”, deydi Pelin Karaxan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar