Avval xabar qilganimizdek, Avval xabar qilganimizdek, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tartibdagi majlisi bo`lib o`tmoqda.
Unda O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ShHT mamlakatlari nomidan xalqaro hamjamiyatni Pokistondagi tabiiy ofat keng ko`lamli salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun ushbu mamlakatga imkon boricha gumanitar yordam ko`rsatishga chaqirdi.
Pokistonda musson yomg`irlari keltirib chiqargan favqulodda dahshatli toshqinlar mamlakatga misli ko`rilmagan iqtisodiy zarar etkazdi. Mamlakat hukumati musson yomg`irlari natijasida yuzaga kelgan suv toshqinlari tufayli favqulodda holat rejimini joriy etdi. Pokiston tarixidagi eng dahshatli suv toshqini Buyuk Britaniya maydoni kattaligidagi hududni qamrab oldi va 33 million kishi, ya`ni har etti pokistonlikdan bittasi zarar ko`rdi.
Shuningdek, O`zbekiston rahbari Afg`onistonda tinchlik o`rnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko`maklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish ShHTning eng ustuvor yo`nalishlaridan bo`lib qolishi lozimligini qayd etdi.
“Shuni ta`kidlashni istardimki, afg`on xalqi yaxshi qo`shnichilik yordamimizga har qachongidan ham ko`proq muhtojdir. Biz o`tmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz va Afg`onistonni uning muammolari bilan yolg`iz qoldirmasligimiz lozim.
Sanksiyalar siyosatining kuchaytirilishi va Afg`onistonning hozirgi hukumati yanada yakkalanishi muqarrar ravishda mamlakat ichida radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va uni terrorchilik tashkilotlari uchun plasdarmga aylantiradi.
Shu bois biz Afg`oniston muvaqqat hukumati tomonidan ilgari qabul qilingan, shu jumladan, ayollar va bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi bo`yicha Kobul bilan konstruktiv aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz”, dedi Prezident.
Afg`onistonni gumanitar qo`llab-quvvatlash bo`yicha maxsus fondni mazkur mamlakatga chegaradosh bo`lgan Termiz shahrida – u erdagi mavjud transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda, birgalikda ta`sis etish taklif qilindi.






