Belgilangan tartibga ko`ra, “Davlat fuqarolik xizmati sohasida monitoring o`tkazish tartibi to`g`risida”gi Nizom loyihasi muhokama uchun portalga qo`yildi.
Mazkur Nizom “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 26-moddasiga asosan ishlab chiqildi. Nizom davlat fuqarolik xizmati tizimida "Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida"gi qonunga rioya etilishini ta`minlash maqsadida monitoring o`tkazish tartibini belgilaydi.
Nizom bilan rejali monitoring Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tasdiqlangan Ish reja asosida o`tkazilishi belgilanmoqda.
Rejadan tashqari monitoring esa:
- O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasining topshiriqlari;
- davlat fuqarolik xizmatchilari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
- davlat organi tomonidan taqdim etilgan hisobotlar va tahliliy ma`lumotlar natijalari;
- ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali davlat fuqarolik xizmati sohasidagi qonunbuzilishlar sodir etilayotganligi yoki sohaga oid qonunchilik ijrosi ta`minlanmayotganligi to`g`risida berilgan axborotlar;
- davlat organida o`tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilmasligi kabi asoslar mavjud bo`lganda o`tkazilishi belgilanmoqda.
Loyihada monitoringni tashkil qilish va o`tkazish tartibi, monitoring ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlari, monitoring natijalarini rasmiylashtirish, ta`sir choralarini qo`llash, o`tkazilgan monitoring natijalari yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga tahliliy ma`lumotlar kiritib borilishi bilan bog`liq munosabatlar tartibga solinmoqda.
21.09.2022 04:48
Davlat fuqarolik xizmati tizimi monitoring qilinadi






