Tula viloyatining Volovskiy tumanidagi aholi yashaydigan uylarning biriga kirgan sharsimon yashin bolani jarohatladi, deb xabar qildi “Lenta.ru” nashri.
Hodisa Nepryadva qishlog`ida, mahalliy vaqt bilan tunggi 21:00 da ro`y berdi. Uyda chol-kampir va ularning Moskvadan mehmonga kelgan 10 yoshli nabirasi bo`lgan.
“Qishloqda momoqaldiroq bilan birga kuchli yomg`ir yog`di. Xonada kuchli qarsillash eshitildi. O`qday uchib kirgan sharsimon yashin mebel va idish-tovoqlarni maydalab tashladi. Yong`in sodir bo`lmadi. Nabiram engil kontuziya bo`lib, qulog`i eshitmay qoldi. Bizga hech nima qilgani yo`q. Nabiramga tibbiy yordam ko`rsatildi, hozirda uning ahvoli yaxshi, Moskvadan ota-onasi uni ko`rish uchun yo`lga chiqdi”, deb ma`lumot berdi qariya.