Rossiya hukumati hozirda Tolibon nazorati ostida bo`lgan (Rossiyada Tolibon harakati terrorchi deb tan olingan.) Afg`onistondan tovarlar importiga boj to`lovlarini bekor qildi. Shuningdek, mamlakatga don mahsulotlari va neft etkazib berishda yordam berishga rozi bo`ldi. Bu haqda Rossiya Federasiyasi prezidentining Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili Zamir Kabulov ma`lum qildi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.
25-26 iyul kunlari Toshkentda bo`lib o`tgan “Afg`oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” konferensiyasidagi nutqida diplomat Rossiya tomoni muzokaralar o`tkazishga va Afg`oniston hukumati so`rovlarini ijobiy hal etishga tayyorligini ta`kidlagan.
“Biz mintaqaviy hamkorlarimiz bilan bu yo`nalishda ishlashni davom ettiramiz”, dedi u.
Kabulovning so`zlariga ko`ra, amalda Moskva qo`lidan kelgan barcha ishni qilmoqda va “Afg`on rasmiylari bilan iqtisodiy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo`lga qo`yish”ga qat`iy bel bog`lagan.
Tolibon vakili Mirvays Xotak Sankt-Peterburg Xalqaro Iqtisodiy Forumida ishtirok etib, u Tolibon Rossiya bilan mineral va mevalarni erkin va bojsiz savdo qilish taklifini bildirgan. Bungacha Rossiya prezidenti Vladimir Putin Afg`onistonga g`alla etkazib berishni prinsipial jihatdan ma`qullagan edi.
Tolibonning Moskvaga qilgan yana bir iltimosi TAPI (Turkmaniston-Afg`oniston-Pokiston-Hindiston) gaz quvurini qurishda yordam berish bo`ldi. Bu iltimosga hozirda Rossiya tomoni munosabat bildirmagan.






