AsosiyJamiyat

Bugun Toshkentda axborot olish imkoniyatlari tahliliga bag`ishlangan xalqaro konferensiya ish boshladi

'Bugun Toshkentda axborot olish imkoniyatlari tahliliga bag`ishlangan xalqaro konferensiya ish boshladi'ning rasmi

YuNESKOning 2015 yilda o`tkazilgan konferensiyasida qabul qilingan rezolyusiyaga binoan, bugun, 28 sentyabr – Xalqaro axborotdan erkin foydalanish kuni deb e`lon qilingan. Har yili ushbu sanada dunyoning turli davlatlarida axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish bo`yicha erishilgan natijalar tahlil qilinadi. 

Bugun Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda YuNESKO hamkorligida tashkil etilgan gibrid formatdagi xalqaro konferensiya o`z ishini boshladi. 

Tadbirni O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri, YuNESKO ishlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi milliy komissiyasining raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi.
Shundan so`ng, "Sun`iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi: innovasiyalar, inklyuziv va huquq" mavzusidagi davra suhbati boshlandi.

Davra suhbatida YuNESKO Bosh direktorining kommunikasiya va axborot masalalari bo`yicha yordamchisi Taufik Jelassi, shaffoflik, axborot olish va shaxsiy ma`lumotlarni muhofaza qilish milliy instituti vakolatli prezidenti Blanka Liliya Ibara, Uganda davlati AKT va milliy boshqaruv vaziri Kabbyanga Godfri, Filippin davlati Hukumat ta`lim boshqarmasining ma`muriy masalalar bo`yicha vazir o`rinbosari Kristian Ablan, Elektron boshqaruv akademiyasi direktori Ivar Tallo (Estoniya) va axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o`rinbosari Oleg Pekos (O`zbekiston) so`zga chiqdi.

Taufik Jelassining ta`kidlashicha, to`qsoninchi yillarda dunyo bo`yicha 14 ta davlatda axborot olish erkinligi to`g`risida qonun mavjud bo`lgan bo`lsa, hozirda bu ko`rsatkich 135 taga etgan, ya`ni deyarli o`n baravarga oshgan.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o`rinbosari Oleg Pekos davra suhbatida ishtirokchilar diqqatini shaxsiy ma`lumotlarni muhofaza qilishda sun`iy intellektdan foydalanishning ahamiyatiga qaratdi. 
Unga ko`ra, axborot xavfsizligi bo`yicha ekspertlar 2022/2028 yillarda jahon kiberxavfsizlik bozori o`rtacha 9,5 foizga o`sadi va 2028 yilga kelib 375 mlrd. AQSh dollarini tashkil etishini taxmin qilishmoqda. Kiberjinoyatning yillik global zarari esa 2025 yilga kelib 10,5 trln. dollarga etishi mumkin. Shu nuqtai nazardan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda sun`iy intellekt texnologiyalaridan to`g`ri foydalanish ko`plab muammolarni samarali hal qilishga yordam beradi.

Xalqaro konferensiya ertaga, 29 sentyabr kuni ham soha yo`nalishlari bo`yicha davom ettirilishi aytildi.

Oybek Shukurov

    Boshqa yangiliklar