Bundan bir muncha muqaddam Chirchiq daryosidagi o`lik baliqlar yuzasidan videomurojaat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Davlat ekologiya qo`mitasi ushbu videomurojaat bo`yicha o`rganish natijalarini ma`lum qildi.
Aniqlanishicha, mazkur holat Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanidagi "Qo`sh yog`och" MFYda joylashgan "Azizjon Nurli Agro Fayz" MCHJga tegishli bo`lgan baliqlar saqlanadigan hovuzda sodir bo`lgan.
Joriy yilning 24 sentyabr kuni baliqchilik xo`jaligida etishtirilgan baliqlarni ovlash davrida hovuz suvi kamaygani, baliqlar uzoq muddat to`rda qolib ketgani, havo haroratining ko`tarilishi oqibatida suvning me`yoridan ortiq darajada iligani, hovuzdagi suv tarkibida kislorod etishmagani sababli baliqlar nobud bo`la boshlagan.
Shundan so`ng chala o`lik baliqlar hovuzga 10 metr masofa uzoqlikda bo`lgan Chirchiq daryosiga oqizilgan.
"Ishchi guruh tomonidan mobil laboratoriya jalb qilinib, Chirchiq daryosi va baliqchilik xo`jaligidagi suv havzalaridan namunalar olindi.
Tahlil natijalarida suvning kimyoviy moddalar yoki boshqa ta`sirlar natijasida ifloslanmagani aniqlandi. Baliqchilik hovuzida baliq boqish va nobud bo`lgan baliqlarni belgilangan tartibda yo`q qilish bo`yicha alohida tekshirish o`tkazilib, qonunbuzilishiga yo`l qo`ygan mas`ullarga nisbatan tegishli tartibda chora ko`rilishi belgilandi.
Holat yuzasidan qo`shimcha ma`lumot berilishini ma`lum qilamiz", deyiladi axborotda.






