1

Orolbo`yidagi deyarli 400 ta muammo hal etildi

Jamiyat 30.09.2022, 15:29
Orolbo`yidagi deyarli 400 ta muammo hal etildi

Davlatimiz rahbari topshirig`i asosida Orolbo`yida ham aholi murojaatlariga eng ko`p sabab bo`layotgan masalalarni aniqlash va hal qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning Qoraqalpog`iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi Nukus shahrida tashkil qilgan Jo`qorg`i Kenges raisi va sektorlar rahbarlarining ommaviy qabulida ham murojaatlarning aksariyati mehnat va bandlik, ta`lim, sog`liqni saqlash, tadbirkorlik, kredit olish, uy-joy ta`miri bilan bog`liq  masalalardan iborat bo`ldi.

Hal bo`layotgan har bir masala ortida esa kamida bir oila, o`nlab insonlar hayotidagi rozilik mujassam. “Ishlab, daromad topaman, o`z hayotimni o`zim o`zgartiraman”, degan murojaatchilarning masalasini hal qilishga ham bu qabullarda ustuvor ahamiyat qaratildi. Deylik, nukuslik tadbirkor Qiyas Habibullaev biogomus etishtirish bilan shug`ullanadi va bu Orolbo`yida nisbatan yangi ishbilarmonlik yo`nalishlaridan biridir. Faoliyatini kengaytirish masalasida yordam so`ragan tadbirkorga er uchastkasini auksionga chiqarish, hujjatlarni rasmiylashtirish masalasida  amaliy ko`mak ko`rsatildi.

Muloqotlar jarayonida ish masalasida murojaat qilgan 13 nafar inson doimiy ish bilan ta`minlangan bo`lsa, o`z uyida tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yib, daromad topish istagini bildirgan 235 nafar murojaatchiga pishiriq pishirish pechlari va tikuv mashinalari berildi. Ularning aksariyati esa “temir daftar”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan xotin-qizlardir. Bu esa birgina shu qabulning o`zida qariyb 250 nafar inson o`z ishi, daromad manbaiga ega bo`ldi, deganidir.

Bu galgi qabullar natijasida “Inson qadri uchun” g`oyasining amaliy ro`yobi nukuslik Nargiza Qaypnazarova oilasiga ham yangi hayot olib kirdi. Ayolning o`zi 2-guruh nogironi, necha yildan beri ijarama-ijara kun kechirib, ikki farzandini yolg`iz o`zi ulg`aytirmoqda. Bugungi ommaviy qabulga najot istab kelgan Nargiza opaning masalasi shu erda o`rganilib, ularga Nukus shahridagi ijtimoiy uylardan turar-joy ajratib berishga qaror qilindi. 

Nukus shahri “Jipek joli” mahallasida yashovchi Rinat Fayzullaev esa bu yil Nukus shahridagi yuridik texnikumga o`qishga kirdi. Uning orzusi ta`lim olib, huquqshunos bo`lish, ammo kontrakt pulini to`lashga imkoni yo`q. Ayni masalada qabulga yordam so`rab kelgan Rinatning ham bu masalasi shu erda hal qilinib, uning shartnoma pullari to`lab beriladigan bo`ldi. 

Yoki Nukusning “Tele oray” mahallasida yashovchi Almurat Jumamuratovning shu mazmundagi murojaati asosida ikki nafar talaba farzandining kontrakt pullari mahalliy byudjet hisobidan qoplab beriladigan bo`ldi. Umuman, shu kuni qabulda jami ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 7 nafar talaba farzandlariga shu yo`nalishda yordam qo`llari cho`zildi. 

Qabullar davomida nafaqat oliy ta`lim olish uchun kontrakt pullarini to`lab berish, balki uy-joyini ta`mirlash, sog`lig`ini tiklash, davolanish uchun imkon topolmayotgan jami 92 nafar murojaatchiga amaliy ko`mak berildi. Aytaylik, nukuslik Amangeldi Boranbaevning yuragida jarrohlik amaliyotini o`tkazish, Nazira Alimbetovaning esa farzandini davolatish uchun moddiy yordam ko`rsatildi.

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz topshirig`i asosida Orolbo`yida har bir soha bo`yicha hududiy mas`ullar bir joyda jam bo`lib, har bir murojaatni sinchiklab ko`rib chiqib, ularga echim topayotgani xalq bilan muloqot tizimini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Nukus shahrida tashkil qilingan ommaviy qabulda ham 586 nafar murojaatchining 616 ta masalasi ko`rib chiqilgan bo`lsa, ularning 382 tasi joyida hal qilindi, qolgan masalalarni o`rganish-u echim topish bo`yicha aniq muddat va mas`ullar belgilanib, Prezident Xalq qabulxonasi nazoratiga olindi. Qoraqalpog`istondagi sektorlar rahbarlarining bu kabi ochiq-jonli muloqotlari Orolbo`yining boshqa hududlarida ham tashkil qilinmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1