Davlat nogironligi bo`lgan shaxslarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ish bilan ta`minlash, ularning ta`lim olishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga ko`maklashishi zarurligi haqida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti Anvarjon Mirkomilov o`z fikrlarini bildirdi.
– Ma`lumki, nogironligi bo`lganlarga mehr-muruvvat ko`rsatish, ko`mak berish, ularning dardiga malham bo`lish, holidan xabar olish kabi insonparvarlik tuyg`ulari xalqimizga xos qadriyatlar hisoblanadi.
Konstitusiyaga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish bo`yicha umumxalq muhokamasidan keyin ham keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan tavsiya va takliflardan kelib chiqqan holda, qonun loyihasiga yangi normalar kiritilmoqda.
Masalan, amaldagi Konstitusiyaning 45-moddasida “Voyaga etmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg`iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir”, degan norma mavjud. Ushbu moddaga “Davlat nogironligi bo`lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar ob`ektlari va xizmatlaridan to`laqonli foydalanishi uchun shart-sharoit yaratadi, ishga joylashishiga, ta`lim olishiga ko`maklashadi, zarur axborotni to`sqinliksiz olish imkoniyatini ta`minlaydi”,degan normani kiritish taklif etilmoqda.
Kiritilayotgan o`zgartish orqali aholining boshqalarga qaraganda ijtimoiy himoya va yordamga ko`proq muhtoj bo`lgan qatlami huquqlariga alohida e`tibor qaratilishi qat`iy belgilab qo`yiladi.
Albatta, bunday mazmundagi moddaning Asosiy qonunimizda o`z ifodasining topishi ham bejiz emas, negaki, o`zbek xalqining asrlar davomida shakllangan qadriyatlari orasida nogironligi bo`lgan shaxslarga har tomonlama ko`mak berish, saxovat ko`rsatish kabi amallar jamiyat va davlat oldidagi mas`uliyatli vazifalardan biri hisoblangan.
Darhaqiqat, yangilanayotgan Konstitusiyada mamlakatimiz o`z oldiga ijtimoiy davlat qurishni maqsad qilarkan, davlat nogironligi bo`lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar ob`ektlari va xizmatlaridan to`laqonli foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish, ularning ishga joylashishi va ta`lim olishiga ko`maklashish kabi vazifalarni o`z zimmasiga olishi davlatning asosiy funksiyalaridan biridir.
Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yilning 20 iyun kuni Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvda “Nogironligi bo`lgan shaxslarni har qanday shaklda ajratib qo`yish, ularning huquqlarini cheklash, ob`ektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bosh tortish taqiqlanadi. Davlat ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni va teng imkoniyatlarni yaratadi. Alohida e`tiborga muhtoj bo`lgan bolalar uchun ta`lim muassasalarida inklyuziv ta`lim tashkil etiladi”, degan qoidalarni Konstitusiyada qat`iy mustahkamlab qo`yishni taklif etgandi.
Raqamlarga e`tibor qaratsak, bugun mamlakatimizda bir millionga yaqin imkoniyati cheklangan va nogironligi bo`lgan fuqarolar istiqomat qiladi. So`nggi yillarda nogironligi bo`lgan fuqarolarning huquq va erkinliklariga oid qator normativ-huquqiy xujjatlar qabul qilindi hamda amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bunga misol qilib quyidagilarni aytib o`tish mumkin.
2020 yil 15 oktyabrdagi “Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonun, shuningdek, Nogironlar huquqlariga bag`ishlangan BMTning “Nogironlar huquqlari to`g`risida”gi Konvensiya O`zbekiston tomonidan 2009 yilda imzolangan holda 2021 yilda ratifikasiya qilinishi bu borada mustahkam huquqiy baza yaratilishiga zamin yaratdi.
Yana bir jihat: shu kabi normalar Germaniya, Ispaniya, Italiya, Polsha, Fransiya va MDH davlatlari konstitusiyalarida ham mavjud.
Xulosa sifatida shuni ta`kidlash mumkinki, Konstitusiyaning 45-moddasiga kiritilayotgan o`zgartish va qo`shimchalar nogironligi bo`lgan shaxslarni jamiyatning to`laqonli a`zo sifatida ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar ob`ektlari va xizmatlaridan foydalanishi uchun davlat va nodavlat sektor tomonidan shart-sharoit yaratilishi, shaharsozlikda, infratuzilmalarning bunyod etilishida, avvalo, ularning foydalanish imkoniyatlarining nazarda tutilishiga huquqiy asos bo`lib xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur modda nogironligi bo`lgan shaxslarning ishga joylashishlari, bu orqali muntazam daromad manbaiga ega bo`lishlariga mustahkam poydevor bo`ladi.






