Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda kollej o`quvchilari behayo harakatlar bilan raqsga tushayotanlari bilan bog`liq video tarqalgan edi. Aniqlanishicha, holat Navoiy viloyati Karmana tumanidagi kasb-hunar maktabida sodir bo`lgan.
Shundan so`ng, voyaga etmagan qizlarning "raqsi" sabab maktabning ba`zi xodimlari ishdan bo`shatildi. Shuningdek, Voyaga etmaganlarning onalariga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 47-moddasida nazarda tutilgan "Bolalarga ta`lim va tarbiya berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik sababli" ularga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirildi.
Ayni paytda "darakchi.uz"ga Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, ota-onalarga qo`llanilgan ma`muriy jarima noqonuniy deb topildi va bekor qilindi.
Ma`lum qilinishicha, Ma`muriy huquqbuzarlik deganda ma`muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g`ayrihuquqiy harakat yoki harakatsizlik tushuniladi (MJtK, 10-modda).
Shuningdek, MJtKning 47-moddasida ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga etmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga etmagan bolalarning ma`muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi belgilangan tartibda jarima solishga sabab bo`lishi nazarda tutilgan.
"Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu videorolikdagi hatti-harakatlar, xususan, alohida bir holatda qizlar davrasida raqs tushilishi “ota-onalarning bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmasligi” deb noto`g`ri huquqiy kvalifikasiya qilingan, ya`ni mazkur holatda ma`muriy huquqbuzarlik tarkibi mavjud emas.
Voyaga etmagan o`quvchi qizlarning raqs uslublari O`zbekiston jamiyatidagi umumtarqalgan ma`naviy qadriyatlarga to`la mos kelmasligi mumkin, lekin insonlarning ahloqiy o`lchamlari va qarashlari qonunlar bilan belgilangan normalardan noto`g`ri foydalanishga, ayniqsa javobgarlikka tortishga olib kelmasligi lozim.
Qaysi harakat yoki harakatsizlik uchun javobgarlik kelib chiqishi, qonunlarda aniq belgilab qo`yilgan.
Shu asosga ko`ra, qo`llanilgan jarima bekor qilindi", - deyiladi taqdim etilgan ma`lumotda.
Qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasining “Bola huquqlari kafolatlari to`g`risida” qonuniga asosan:
– bolaning sha`ni va qadr-qimmatini himoya qilish davlat siyosatining asosiy yo`nalishlaridan biri hisoblanadi (4-modda);
– har bir bola erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga, o`z sha`ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g`ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega (10-modda).
Xalqaro huquq normalariga to`la mos keluvchi ushbu qonunda belgilangan kafolatlar har bir bola uchun maktab hududi bo`ladimi, shaxsiy uy-joy bo`ladimi, har qanday holatda ta`minlanishi shart.
"Bundan tashqari, ota-onalarning bayon etishiga ko`ra, lavha rasmiy manbalar va markaziy telekanallar orqali yoritilish jarayonida maktab o`quvchilari hamda ota-onalar intervyu berish yuzasidan bosim ostida qolgan.
Natijada, voyaga etmagan bolalar o`z tengdoshlari, maktab ma`muriyati, ota-onalari va keng jamoatchilik oldida sazoyi qilingan.
Ushbu nomaqbul harakatlar voyaga etmaganlarning sog`ligi va salomatligiga, ruhiy barqarorligiga o`ta jiddiy ta`sir qilgan va ularning sha`ni va qadr-qimmati tahqirlanishiga olib kelgan. Eng asosiysi voyaga etmaganlarga nisbatan bunday harakatlar noqonuniydir", - deya ta`kidlanadi rasmiy munosabatda.
Yuqoridagi qonunga asosan, bola fikrlash erkinligi huquqiga ega (17-modda), inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli ta`sir ko`rsatuvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish taqiqlanadi (16-modda).
Shuningdek, mazkur masalada ba`zi bir ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar hamda televidenie orqali berilgan intervyularda maktab ma`muriyati rahbari va ayrim o`qituvchilariga nisbatan “hayfsan” va “jarima” intizomiy jazo chorasi qo`llanilganligi va ular egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi bayon etilgan.
Ushbu holat ham adliya organlari tomonidan o`rganilganda maktabning hech bir xodimi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmaganligi ma`lum bo`ldi.
Shu o`rinda adliya organlari tarbiya va axloq, xalqimizning ma`naviy qadriyatlari, ushbu qadriyatlarga mos ravishda kelajak avlodni tarbiyalash shubhasiz, jamiyatimizning muhim bo`g`ini ekanligini to`liq e`tirof etadi, shu bilan birga axloqiy masalalarni hal etishda huquq normalarining asossiz qo`llanilishi va bu orqali shaxslarning Konstitusiya va qonunlar bilan kafolatlangan huquq va manfaatlariga daxl etish mumkin emasligini eslatib o`tadi.






