AsosiyJamiyat

Bugun prezident rasmiy tashrif bilan Vengriyaga boradi

'Bugun prezident rasmiy tashrif bilan Vengriyaga boradi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Vengriya tomonining taklifiga binoan 3-4 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo`ladi.

Ikki mamlakat etakchilarining o`tgan yil mart oyida Toshkent shahrida o`tgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, bo`lajak sammit davlatimiz rahbarining javob tashrifi ekanini ta`kidlash joiz.

Tashrif doirasida Budapesht shahrida Vengriya Prezidenti Katalina Novak va Bosh vaziri Viktor Orban bilan oliy darajadagi muzokaralar bo`lib o`tadi.

O`zbekiston-Vengriya sammitining kun tartibidan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, qishloq xo`jaligi, moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari o`rin olgan.

O`zaro savdoni ko`paytirish, farmasevtika, agrosanoat majmui, mashinasozlik, suvni tejash va boshqa yo`nalishlarda sanoat kooperasiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan qo`shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratiladi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunida qo`shma bayonot va ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to`plamini imzolash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Vengriyaning etakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o`tkazishi ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar