Rossiya olimlari orttirilgan immunitet tanqisligi virusi (OIV) infeksiyasini davolashning yangi usulini topdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur davo chorasi maxsus oqsillardan foydalanishga asoslangan. Ular bemor organizmidagi immunitet hujayralari funksiyalarini tiklashga yordam beradi, o`z navbatida, OIV kasalligiga qarshi kurashuvchi antitanalarni quvvatlantiradi.
Natijada organizm ichki imkoniyatini ishga solib, virusni siqib chiqarishga kirishadi. Yakunda tanada OIV infeksiyasi miqdori kamayib, uning salomatlik uchun zararli ta`siri keskin pasayishi ma`lum qilingan.
Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra, dunyoda har yili qariyb 2 million kishi ushbu xavfli xastalikka chalinmoqda. Hozirda butun sayyora bo`yicha OIV tashxisi bilan ro`yxatga olingan bemorlar soni 38,4 million nafardan oshgan.






