O`zbekiston hukumati va BMTning Qochqinlar ishlari bo`yicha oliy komissari Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi nomidan suv toshqinlaridan zarar ko`rgan Pokiston aholisi uchun insonparvarlik yordami yuborildi. Mazkur yordam Termiz shahridan O`zbekiston Harbiy havo kuchlarining maxsus bortida Karachi shahriga etkazib berilgan. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Gumanitar yuk tarkibida suv toshqinlari oqibatida uylari vayron bo`lgan pokistonliklarga tabiiy ofat oqibatlarini yumshatish uchun 15 tonnadan ortiq eng kerakli buyumlar mavjud.
"Zarur paytda tezkor gumanitar yordam ko`rsatish imkonini bergan O`zbekiston hukumatining qo`llab-quvvatlashi" BMTning Qochqinlar bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan yuqori baholangan.
The Gulf Observer nashrining yozishicha, O`zbekistondan yuborilgan insonparvarlik yordami Karachi shahridagi "Jinna" xalqaro aeroportida Pokiston Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy qo`mitasi va Pokiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari tomonidan qabul qilib olingan.
Eslatib o`tamiz, 1 sentyabr kuni ham O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev topshirig`iga binoan Pokistonning suv toshqinidan zarar ko`rgan hududlariga yordam berish maqsadida Islomobodga 40 tonna gumanitar yuk yuborilgan edi.
03.10.2022 19:41
O`zbekistondan Pokistonga 15 tonnadan ziyod insonparvarlik yordami yuborildi
