Joriy yilning 3 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Vengriyaga tashrifi arafasida Budapesht shahrida o`zbek-venger biznes-forumi bo`lib o`tdi. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi. Yuu haqda O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo aylanmasi vazirligi xabar qilmoqda.
Forumning barcha tadbirlari O`zbekiston va Vengriya o`rtasidagi sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining o`zaro munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga qaratildi.
Forumning ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ishtirok etdi.
Tadbirni ochib berar ekan, Peter Siyyarto ikki davlat o`rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikani va Vengriya hukumati ikki mamlakat uchun ustuvor yo`nalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirish tashabbuslarini qo`llab-quvvatlayotganini qayd etdi hamda Vengriya biznes vakillarini o`zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish va mustahkamlashga chaqirdi.
O`zbekiston tomoni mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, jumladan, vizasiz rejim, valyuta siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini yanada rag`batlantirish, investorlar huquqlarini himoya qilishni va xususiy mulk daxlsizligini ta`minlashga qaratilgan yangi Taraqqiyot strategiyasi qabul qilinganini alohida ta`kidladi.
Vengriyalik tadbirkorlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi. Shu munosabat bilan Vengriya kompaniyalari uchun O`zbekistonda alohida sanoat zonasi ajratish, mahsulotlarga eksklyuziv imtiyozlar berish va kafolatli xarid qilish, shuningdek, tashkil etilayotgan ustuvor loyihalarni moliyalashtirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan istiqbolli tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish kabi aniq chora-tadbirlar qayd etildi.
Forum davomida venger kompaniyalariga investisiyaviy imkoniyatlar, jumladan, farmasevtika, qishloq xo`jaligi, shuningdek, elektronika va elektrotexnika, to`qimachilik, avtomobilsozlik, kimyo va qurilish sanoati sohalari haqida batafsil ma`lumot berildi.
O`tgan yilning aprel oyida O`zbekistonga GSP+ benefisiar maqomi berilgani tufayli Evropa Ittifoqi hamda MDH bozorlariga imtiyozli chiqish imkoniyatlaridan foydalanib samarali sanoat kooperasiyasi zanjirlarini yaratish istiqbollari vengriyalik ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uyg`otdi.
Biznes-forum doirasida O`zbekiston va Vengriyaning vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, banklari va etakchi kompaniyalari rahbarlari o`rtasida “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etilib, ular davomida ishtirokchilar qo`shma korxonalar yaratish va o`zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish borasidagi masalalarni atroflicha ishlab chiqishga muvaffaq bo`ldilar.
Forum yakunlari bo`yicha O`zbekiston va Vengriya o`rtasidagi iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochib beruvchi qator ikki tomonlama hujjatlar, investisiya bitimlari va eksport shartnomalari imzolandi.






