Hukumat qarori bilan “Oliy ta`lim tashkilotlarida masofaviy ta`lim shaklini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan masofaviy ta`lim orqali oliy ta`lim tashkilotlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlarni tayyorlashni tashkil etish tartibi belgilandi.
Buning uchun ta`lim tashkilotida quyidagilar bo`lishi talab etiladi:
- masofaviy ta`limni boshqarish uchun “Learning Management System” platformasi;
- internetga ulanish va foydalanish uchun axborot-kommunikasiya infratuzilmasi;
- o`quv yili uchun mo`ljallangan o`quv kontenti;
- fanlarning elektron o`quv-metodik majmualari hamda ilmiy va o`quv adabiyotlarining elektron bazasi;
- kompyuter texnikasi bilan jihozlangan alohida bino yoki auditoriyalar;
- texnik va dasturiy komponentlar ishlashini ta`minlaydigan muhandis-texnik xodimlar;
- ta`lim tashkilotiga tegishli bo`lgan, mamlakat hududida joylashgan server qurilmasi;
- ta`lim tashkiloti to`g`risidagi barcha axborotlar joylashtirilgan rasmiy veb-sahifa.
Masofaviy ta`lim joriy etish mumkin bo`lmagan bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari har yili 1 aprelgacha e`lon qilinadi.
Masofaviy ta`lim asosida kadrlar tayyorlashda bir bakalavriat ta`lim yo`nalishi 300 nafar, bir magistratura mutaxassisligi 30 nafar talabadan ortiq bo`lmasligi lozim.
Bunda:
- mazkur talab axborot-kommunikasiya texnologiyalari yo`nalishlariga tatbiq etilmaydi;
- talabalar sonini aniqlashda xorijiy davlat fuqarosi bo`lgan talabalar hisobga olinmaydi.
Masofaviy ta`limda o`qishga qabul qilingan talaba quyidagi hollarda oliy ta`lim tashkilotiga kelishi shart:
- o`quv jarayoni boshlanishidan avval – LMS platformasida ro`yxatdan o`tish uchun;
- har semestr yakunida – yakuniy nazorat topshirish o`tish uchun.
Shuningdek, yakuniy davlat attestasiyasi, bitiruv malakaviy va magistrlik ishi himoyasi bevosita oliy ta`lim tashkilotida an`anaviy tarzda amalga oshiriladi, ularni sinxron yoki asinxron rejimida qabul qilishga yo`l qo`yilmaydi.
Masofaviy ta`lim shakli to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.