1

Jizzaxda 36 ta ijtimoiy soha ob`ektlarida 23,3 mlrd.so`mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi

Jamiyat 05.10.2022, 17:56
Jizzaxda 36 ta ijtimoiy soha ob`ektlarida 23,3 mlrd.so`mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi

Jizzax viloyatida ijtimoiy shart-sharoit nisbatan og`ir hududlar sirasiga kiritilgan 40 ta mahalla fuqarolar yig`inida jami 101 ta qishloq joylashgan. Prezident Xalq qabulxonalari mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda mazkur hududlarda aniqlangan muammolarni kompleks hal etish chora-tadbirlari ko`rilmoqda. Natijada joriy yilning o`zida 28 ta mahalla va ular tarkibidagi 40 dan ziyod chekka va olis qishloqlarda infratuzilmani rivojlantirish, aholining daromadli bo`lishi, tadbirkorlik hamda bandlik borasidagi tashabbuslariga to`siq bo`layotgan masalalarni hal etishga erishilmoqda.

Arnasoy tumanining Bobur mahallasida ro`y bergan o`zgarishlar 766 ta oila, qariyb 3,5 ming nafar aholining hayotiga  ro`shnolik olib keldi.

Mahalladagi qariyb 2 kilometr ichki yo`l, Ibn Sino va Ma`rifat ko`chalari asfalt qilindi, 1,6 kilometrdan ziyodrog`i esa shag`allandi. 20 dona beton tayanch o`rnatilib, jami hisobda 3,5 kilometr havo tarmoqlari tortildi, yana shuncha aloqa kabellari o`tkazildi, transformatorlar yangilandi. O`rikli ko`chasi aholisiga ichimlik suvi etkazib berildi.

Arnasoy tumanidagi markazdan olis Chinobod mahallasi paydo bo`lganidan buyon o`tgan 50 yil davomida Qozoqovul ko`chasining yo`li tuprog`u loy, bu erdagi odamlar suvni tashib ichgan. 1,3 mlrd. so`m mablag` evaziga Qozoqovul, Chinobod, Mustaqillik ko`chalarida yashovchi 100 xonadonga ichimlik suv tarmog`i tortilib, xisoblagich va kranlar o`rnatib berildi.

Mahallaning 2,2 kilometrlik 5 ta ko`chasi shag`allandi, 2 km. markaziy ko`chalari esa asfalt va sement beton qilindi. Tarmoqlarda olib borilgan yangilash va ta`mirlash ishlaridan so`ng elektr energiyasi ta`minoti yaxshilandi. Bundan tashqari, hududdagi 12-umumta`lim maktabi joriy ta`mirlandi.

Gulzor mahallasi Mirzacho`l tumanining Aydarko`lga yondosh eng chekka aholi punkti. Yillar davomida yig`ilgan muammolar zalvoridan xalos bo`lish nima ekanini faqat mana shu erning odamlari, 242 ta xonadonda yashovchi insonlar yaxshi tushuntirib bera olishi mumkin.

Mazkur Gulzor mahallasida yashaydigan 1500 nafardan ortiq aholinining turmush tarzini yaxshilash maqsadida olib borilgan ishlar natijasida barcha ko`chalar ta`mirlandi, 4,5 – 5,5 metr kenglikda 7 kilometrdan ziyod asfalt va sement beton ishlari bajarildi. Eng chekka Aydarko`l ko`chasi esa shag`allashtirildi.

Shular qatorida himoyalangan 3,2 kilometrlik havo tarmoqlari tortilib, 55 dona tayanch beton ustunlar o`rnatilishi natijasida elektr energiya, muntazam tashib keltirilib, qo`shimcha ballonlar ajratilgani ortidan suyultirilgan gaz ta`minoti yaxshilandi. 9,5 km yangi tarmoqlar barcha xonadonlarga ichimlik suvi olib kelgan bo`lsa, yaqin haftalarda 2 kilometr irrigasiya tarmoqlari ham yangilanib, oqar suv muammosi barham topadi.

G`allaorol tumanidagi Qipchoqsuv QFY tuman markazidan 50 chaqirim olisdagi eng chekka hududlardan biri. E`tibor bering, Qipchoqsuv qishloq fuqarolar yig`ini Xitoyuz, Tollisoy, Shirinbuloq, Kichiksoy, Solin, Kattasoy, Qo`rg`onchol, Qo`shbuloq, Safarbuloq, Dovul, Naxrach, Qayrag`ochli kabi 12 ta qishloqdan iborat bo`lib, 38 ta ichki yo`llar mavjud. Shu paytga qadar yo`llarning asosiy qismi tuproq yo`l bo`lgan. O`tgan davrda Xitayuz, Qo`rg`onchol, Solin qishloqlarida ichki yo`llar qum-shag`al aralashmali qattiq qoplamaga o`tkazildi. Solin va Tollisoy qishloqlarini bog`lovchi yo`llarning 1 km betonlashtirilib, 1,2 kmga asfalt yotqizildi.

Ichimlik suvi masalasi olis qishloqning og`riqli muammolaridan biri edi. “Obod qishloq” dasturi doirasida QFYdagi Solin, Qo`rg`onchol va Kattasoy qishloqlarining har birida bittadan artezian qudug`i qazilib, Solin qishlog`ida 6 km, Kattasoy qishlog`ida 1,5 kilometrli ichimlik suvi tarmog`ini tortish ishlari davom ettirilmoqda.

Xuddi shu kabi, Shirinbuloq qishlog`ida eskirgan 80 ta simyog`och va transformator yangilanib, yarim asrlik tarmoqlar o`rniga 2 kilometrdan ziyod himoyalangan kabel tortildi. Solin  va Dovul qishloqlaridagi transformator ham yangilandi.

Jarayonda uzoq manzillarning yo`l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari bilan birga, ijtimoiy soha ob`ektlari ham qayta yuz ochmoqda. Jumladan, Qipchoqsuv fuqarolar yig`ini uchun yangi bino qurib bitkazildi. Solin qishlog`ida 180 o`rinli 3-sonli maktabgacha ta`lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. 3 ming 694 nafar aholiga xizmat ko`rsatadigan Solindagi tibbiy maskan abgor holatga kelib qolgan edi. Dastur asosida bu erda ta`mirlash ishlari boshlab yuborildi. Bundan tashqari, Solinda yangi dehqon bozori qurishga kirishildi. Eng olis Qo`rg`onchol qishlog`idagi o`tgan asrning 70-yillarida qurilgan, avariya holatga kelib qolgan 40-maktab 120 o`rinli yangi binoga ko`chib o`tdi.

Raqamlar tili bilan aytganda, Jizzax viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og`ir 28 ta fuqarolar yig`inlari tarkibidagi 40 dan ziyod qishloqlardagi qariyb 230 km yo`lning ahvoli o`nglandi, 34 km sement-beton, 49 km asfalt va 145 km dan ziyod masofada shag`al yotqizish ishlari bajarildi, 171 km. ichimlik suvi tarmog`i tortilib, 34 ta suv inshooti yangidan qurildi yoki rekonstruksiya qilindi, 6 ta transformator yangilandi, 85 km. masofada elektr tarmog`i tortilib, simyog`ochlar beton ustunlarga almashtirildi, bundan tashqari 62,5 kilometr aloqa tarmoqlarini ishga tushirilgan.

36 ta ijtimoiy soha ob`ektlarida 23,3 mlrd.so`mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan bo`lib, ushbu ob`ektlarning 19 tasi foydalanishga qabul qilingan. Bir so`z bilan aytganda yil yakuniga qadar buyonkorlik ishlari olib borilgan qishloq va mahallalarning 166 ming nafardan ziyod aholisini o`ylantirib kelayotgan tizimli muammolar barham topadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1