“Qurilish cohasiga oid talablarni soddalashtirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qarorga ko`ra, qurilish sohasiga oid talablarni soddalashtirishning asosiy maqsadlaridan biri etib eskirgan va o`z ahamiyatini yo`qotgan shaharsozlik normalari va qoidalarini qayta ko`rib chiqish belgilandi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar belgilab qo`yildi:
▫️ “Davlat xaridlari to`g`risida”gi qonun doirasida amalga oshiriladigan qurilish-montaj, rekonstruksiya va mukammal ta`mirlash ishlarining loyiha-smeta hujjatlaridagi qiymati smeta-resurs normalari asosida shakllantiriladi;
▫️qurilish-montaj, rekonstruksiya va mukammal ta`mirlash ishlarini o`z mablag`lari hisobidan moliyalashtirayotgan tadbirkorlik sub`ektlari uchun smeta-resurs normalari tavsiyaviy xususiyatga ega bo`ladi;
▫️qurilish reglamentlari hamda smeta-resurs normalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar jumlasiga kirmaydi hamda ularni huquqiy ekspertizadan o`tkazish talab etilmaydi;
▫️shaharsozlik normalari va qoidalari kamida har 3-4 yilda qayta ko`rib chiqiladi va zaruratga ko`ra yangilab boriladi;
▫️qurilish materiallari va jihozlariga oid standartlar faqat Qurilish vazirligi tomonidan qabul qilinadi;
▫️ shaharsozlik faoliyati sohasiga doir milliy normativ hujjatlar bilan bir vaqtda ruxsat etiladigan xorijiy normativ hujjatlar asosida ishlab chiqilgan hamda xorijiy davlatlarda ekspertizadan o`tkazilgan loyihalarning tegishli qismlari to`g`ridan-to`g`ri tan olinadi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab yangi tartib belgilanmoqda






