AsosiyJamiyat

“Xalq banki” mas`ul shaxslari kredit mablag`larini talon-toroj qilgani aniqlandi

'“Xalq banki” mas`ul shaxslari kredit mablag`larini talon-toroj qilgani aniqlandi'ning rasmi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplaens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablag`larining talon-toroj qilinishi bo`yicha aniqlangan navbatdagi qonunbuzilish holatlari haqida ma`lumot berildi. 

Xususan, Departamentning Samarqand shahar bo`limi tomonidan AT “Xalq banki” Samarqand viloyat Amaliyot bo`limining murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ushbu Amaliyot bo`limi mas`ul shaxslari kredit va unga tenglashtirilgan operasiyalar bo`yicha ta`minotni tanlash va qabul qilish to`g`risidagi talablarga amal qilmaganliklari oqibatida “J.Ch.” MChJga savdo va aylanma mablag`larini to`ldirish uchun ajratilgan 1,8 mlrd so`m kredit mablag`lari maqsadsiz sarflanib, o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Departamentning Sergeli tuman bo`limi tomonidan  ATB “InFinBank” Sergeli filialining murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro X.P. va boshqalar, o`zaro til biriktirib, ushbu bank filialidan ajratilgan 408,8 mln so`m kredit hisobidan xarid qilingan 5 dona “NEXIA-3” rusumli avtomashinani soxta hujjatlar orqali garovga qo`yilishini ta`minlamasdan boshqa shaxslarga sotib yuborib, ushbu mablag`larni o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Payariq tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “P.I.” MChJ ish boshqaruvchisi M.E. hududiy tijorat banki filialidan imtiyozli shartlar asosida 6 nafar fuqaroga ajratilgan 166,7 mln so`m kredit mablag`i evaziga naslli chorva molini etkazib bermasdan, kredit mablag`larini o`zlashtirganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blanklar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar