Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida mahallalarda tizimli muammolarni hal qilish bo`yicha videoselektor yig`ilishi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbir avvalida boshlangan islohotlar, amalga oshirilayotgan loyihalarning barchasi inson qadrini ta`minlash orqali aholini rozi qilishga qaratilgani yana bir bor ta`kidlandi.
Joriy yilgi dasturlar doirasida 4 100 ta mahallani obod qilish, bog`cha, maktab, sog`liqni saqlash, suv, elektr, kanalizasiya bilan bog`liq muammolarini hal qilishga byudjetdan qariyb 29 trillion so`m mablag` ajratilgani ko`rsatib o`tildi. Buning natijasida:
- 434 ta mahallada ichki yo`llar ta`mirlandi;
- 672 ta mahallaga ichimlik suvi tarmog`i tortilgani hisobiga, 1,5 million aholi ilk bora toza ichimlik suvi bilan ta`minlandi;
- joriy yilda 2 mingdan ortiq mahallaga xizmat qiladigan 34 ta yangi maktab ishga tushirildi, 338 tasi rekonstruksiya qilinib, 360 tasi ta`mirlandi. Bularning hisobiga 78 mingta yangi o`quvchi o`rinlari yaratildi;
- joylarda 580 ta transformator, 20 ming kilometr tarmoqlar yangilanib, 413 ta mahalladagi 1,5 million nafar aholining elektr ta`minoti yaxshilandi.
11.10.2022 12:56
Joriy yilgi dasturlar doirasida 4 100 ta mahallani obod qilish, bog`cha, maktab, sog`liqni saqlash, suv, elektr, kanalizasiya bilan bog`liq muammolarini hal qilishga byudjetdan qariyb 29 trln. so`m mablag` ajratilgan






