Vladimir Zelenskiy idorasi saytida Ukrainaga yadroviy davlat maqomini qaytarish bo`yicha yangi petisiya ro`yxatga olindi. Bu haqda "RIA Novosti" xabar berdi.
"Yadroviy maqomsiz Ukraina hech qachon mustaqil bo`lmaydi, jahon iqtisodiyotiga hech qachon ta`sir ko`rsatmaydi. Jahon kuchlari hech qachon Ukraina bilan hisoblashmaydi, sarmoya kiritmaydi. Yadroviy maqomga ega bo`lgan Ukraina turli global alyanslarga kirishi shart emas, Ukraina o`z himoyasini ta`minlaydi”, deyiladi Zelenskiy idorasi saytiga joylashtirilgan petisiya matnida.
Murojaat seshanba kuni ro`yxatga olingan. Uni ko`rib chiqish uchun zarur bo`lgan 25 000 ovozdan 80 dan ortig`i to`plangan.
Ta`kidlanishicha, bu Ukrainaga yadroviy davlat maqomini qaytarish haqidagi birinchi petisiya emas. Shunga o`xshashi sentyabr oyida kiritilgan bo`lib, hali ko`rib chiqish uchun zarur bo`lgan ovozlarni to`play olmagan. 2020 yilning may oyida ro`yxatga olingan yana bir shun kabi petisiyani 195 saylovchi qo`llab-quvvatlagan.
1994 yilda Ukraina Budapesht memorandumini imzolagan va boshqa imzolagan davlatlarning uni xavfsiz saqlash va`dasi evaziga dunyoda uchinchi yirik yadroviy qurol zaxirasidan voz kechgan.
SSSR parchalanganidan keyin Kiev muhim yadro arsenalini meros qilib oldi. Biroq, 1994 yilda Ukraina, Rossiya, AQSh va Buyuk Britaniya Budapesht memorandumini imzoladilar. U Ukrainaning Yadro qurolini tarqatmaslik to`g`risidagi shartnomaga qo`shilishi munosabati bilan xavfsizlik kafolatlari bo`yicha xalqaro shartnoma bo`lib xizmat qildi. Kelishuvga muvofiq, Ukraina hududidagi yadro arsenali yo`q qilingan va yadroviy davlatlar Kiev xavfsizligini kafolatlashga va`da bergan.
2022 yil fevral oyida Vladimir Zelenskiy Myunxen konferensiyasida memorandum ishtirokchilari o`rtasida muzokaralar boshlashini ma`lum qilgan edi. Uning so`zlariga ko`ra, agar ular amalga oshmasa yoki natijada Kiev uchun xavfsizlik kafolatlari bo`lmasa, Ukraina Budapesht memorandumi ishlamayapti, deb hisoblashi va 1994 yildagi barcha paketli qarorlar shubha ostiga olinishini bildirgan.






