AsosiyJamiyat

Farg`onada fermerlar o`z erlaridan “ixtiyoriy” voz kechish yuzasidan ariza rasmiylashtirilganligi aniqlandi

'Farg`onada fermerlar o`z erlaridan “ixtiyoriy” voz kechish yuzasidan ariza rasmiylashtirilganligi aniqlandi'ning rasmi

Adliya vazirligi axborot xizmati ma`lum qilishicha, Prezident Farmoniga asosan joriy yil 1 sentyabrdan boshlab er uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish to`g`risidagi ariza faqat notarial tartibda tasdiqlanishi qat`iy belgilangan, er uchastkasiga bo`lgan huquqning mahalliy davlat hokimiyati organlari qarori bilan bekor qilinishi mumkin emas.

Mazkur tartib fermerlarni majburan erini topshirtirish, bo`sh oq qog`ozga imzo chekdirish yoki fermer nomidan boshqa shaxs imzo qo`yishi kabi yillar davomida uchrab kelgan amaliyotlarga chek qo`yish, shuningdek, istalgan paytda fuqaro va tadbirkorlik sub`ektlarining erga bo`lgan huquqlarini har xil yo`llar bilan bekor qilishga yo`l qo`ymaslik maqsadida joriy etilgan.

Ya`ni ixtiyoriylik shaxsning haqiqatan asl xohish-irodasining ifodasi ekanligini tasdiqlash murakkab huquqiy jarayon ekanligini inobatga olib, bu muhim vazifa notariuslarga yuklatilgan.

Biroq joriy yilning 13 oktyabr kuni Farg`ona viloyati Uchko`prik tumani hokimligi binosiga chaqirtirilgan notarius M.E. tomonidan er ijara shartnomalarini bekor qilinishini so`rab 16 ta fermer xo`jaligi rahbarlaridan hokim nomiga yozilgan arizalarni tasdiqlaganligi ma`lum bo`ldi.  

Ya`ni notarius ham va fermer xo`jaliklari rahbarlari ham bevosita tuman hokimligi binosiga chaqirtirilgan bo`lib, arizalarni notarial tasdiqlash tuman hokimligi binosida yuz bergan.

Bundan tashqari, fermerlarning arizalari bilan bog`liq notarial harakatni amalga oshirish, jumladan davlat boji va boshqa to`lovlar Uchko`prik tumani hokimligi xodimi Sh.M. ishtirokida amalga oshirilgan.

Bunday amaliyot yuqoridagi Farmon maqsadiga, mazmun-mohiyatiga, unda belgilangan tartib va prinsiplarga ziddir.

Ma`muriy binoga chaqirtirilib, hokimlik xodimlari ishtirokida ushbu notarial harakatlarning amalga oshirilishi fermerlarning asl xohish-irodasini ifoda etishiga xalaqit qiluvchi katta to`siq sifatida qaralishi lozim.

Qolaversa, 16 ta fermerning bir vaqtda birvarakayiga erni topshirish qaroriga kelganligi va bir vaqtda ariza yozish maqsadida notariusga murojaat qilish holati tasodif bo`lishi mumkin emas.

Shunga asosan Adliya vazirligi tomonidan 13 oktyabr kuni 16 ta fermer xo`jaligi rahbarlarining arizalarini bekor qilish choralari ko`rilmoqda. Ushbu arizalar asosida erlarni tuman hokimligi zaxirasiga olib qo`yish amalga oshirilmasligi nazoratga olindi.

O`z o`rnida, hokimlik mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga qonuniy baho berish yuzasidan prokuratura organlariga murojaat qilindi.

Adliya vazirligi huquqiy munosabatlar barqarorligi, erga bo`lgan huquqlarning ta`minlanishi qishloq xo`jaligi rivojlanishi uchun eng muhim shartlaridan biri ekanligini ta`kidladi.

Shu munosabat bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslariga qonunchilik hujjatlari talablari, ayniqsa yuqoridagi Farmon mazmun-mohiyatidan kelib chiqib zid faoliyat yuritganlik uchun javobgarlik mavjudligini eslatib o`tamiz, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar