O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati joriy hafta uchun ob-havo ma`lumotini e`lon qildi. Unga ko`ra, bugun O`zbekiston hududiga Volga bo`yidan Rossiya Evropa qismining (Moskva viloyati) markaziy hududlari ustida shakllangan nam va sovuq havo massasi kirib keladi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kun davomida, Farg`ona vodiysi viloyatlarida esa kechga tomon ba`zi joylarda biroz yomg`ir yog`adi.
Qoraqalpog`iston Respublikasida, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida yog`ingarchilik kutilmaydi. Shimolda va cho`l hududlarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to`zonlar kuzatilishi mumkin. Kunduz kuni havo harorati 20-25° dan oshmaydi.
Ertaga Turkmanistondan bulutlarning keyingi qismi kirib kelishida janubiy markaziy va sharqiy tumanlarda yomg`ir yog`adi. Qoraqalpog`iston Respublikasida, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog`ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Respublikaning barcha hududlari bo`yicha shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to`zonlar kuzatilishi kutilmoqda. Havo harorati kechasi 5-10° gacha pasayadi, kunduzi 15-20° bo`ladi.
Chorshanba kuni respublikaning katta qismida yomg`ir yog`adi, tog`li hududlarning ba`zi joylarida kuchli bo`ladi, baland tog`larda yomg`ir qorga aylanishi mumkin. Faqat Qoraqalpog`iston Respublikasida va Xorazm viloyatida yog`ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi 5-8° gacha iliq, shimolda ba`zi joylarda 0-2 darajagagacha sovuq, kunduzi 13-18darajagacha pasayadi.
Payshanba va juma kunlari O`zbekistonda yog`ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Kechalari havo harorati minimal darajaga etadi va 3-5o iliq atrofida bo`ladi, quyosh nurlari isitishi natijasida kunduz kunlari 17-22 darajagacha ko`tariladi.






