AsosiyJamiyat

Prezident Olimpiya shaharchasining qurilish loyihasi bilan tanishdi

'Prezident Olimpiya shaharchasining qurilish loyihasi bilan tanishdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 17 oktyabr kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Ulardan birinchisi Olimpiya shaharchasi haqida bo`ldi. Bu majmua 2025 yilda Yoshlar o`rtasidagi Osiyo o`yinlarini o`tkazishga mo`ljallangan. Shunga muvofiq, xalqaro sport federasiyalari talablariga javob beradigan olimpiya stadioni, yopiq va ochiq majmualar, suv sporti va eshkak eshish havzalari, mashg`ulot joylari qurilishi loyihalashtirilgan.

Bu galgi taqdimotda mazkur yirik loyihaning tashkiliy-moliyaviy jihatlari ko`rib chiqildi. Mutasaddilar bu borada xorijiy kompaniyalarning takliflari, qurilish materiallari va sport jihozlarini etkazib berish jadvallari haqida axborot berdi.

Davlatimiz rahbari Olimpiya shaharchasini qurish bilan birga keyinchalik undan samarali foydalanish masalasiga alohida e`tibor qaratdi.

– Avvalo, ishlarni aniq rejali qilib, majmuani sifatli qurish, Osiyo o`yinlarini yuqori saviyada o`tkazish kerak. Yana bir muhim masala – keyinchalik bu shaharchadan qanday foydalanish. Shuning uchun musobaqadan so`ng, bu erni ham murabbiylar, ham sportchilarni tayyorlaydigan muassasaga aylantirish zarur. Ma`muriy binolarda Sportni rivojlantirish vazirligi va federasiyalarni ham joylashtirish mumkin. Shunda bu erda yaxlit sport muhiti bo`ladi. Yoshlarimiz uchun sport inshootlari qurish bilan birga metodikani ham rivojlantirib borish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Taqdimotda Surxondaryo viloyatidagi Hakim at-Termiziy maqbarasida ziyoratchilar uchun sharoitlarni kengaytirish rejalari ham ko`rib chiqildi.

 

    Boshqa yangiliklar