Eyskdagi turar-joy binosi ustiga Su-34 harbiy samolyoti qulab tushdi.
Bu haqda shaharning yagona dispetcherlik xizmatiga tayanib, "Interfaks" xabar bergan.
"Samolyotimiz shaharga quladi. Eysk. Turar-joy binosi hududida - Kommunisticheskaya, 20/1-uy. Shaharning turli burchaklaridan tez yordam va o`t o`chiruvchilar kelyapti, vertolyotlar havoda", - deydi TASS suhbatdoshi.
Yana bir fuqaroning aytishicha, hodisa to`qqiz qavatli turar joy binosida sodir bo`lgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi samolyot turar-joy binosi ustiga qulaganini tasdiqlagan. Ma`lumotlarga ko`ra, samolyot o`quv parvozi uchun ko`tarilayotganda qulagan. Hodisaga uchish vaqtida dvigatellardan birining yonishi sabab bo`lgan. Samolyotda bo`lgan ikki uchuvchi "katapulta" orqali sakrab, omon qolgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kubandagi bosh boshqarmasi ma`lumotlariga ko`ra, yong`in maydoni taxminan 2 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Rasmiylar uy aholisi uchun yordam punkti tashkil etishni boshlashgan.
Ma`lumot o`rnida, Vladimir Putin Eyskda Su-34 qiruvchi-bombardimonchi samolyoti halokatida jabrlanganlarga barcha zarur yordam ko`rsatishni buyurdi.
Kreml ma`lumotlariga ko`ra, Rossiya rahbari vazirlar va mintaqa rahbarining hisobotlarini tinglagan. Putin Krasnodar o`lkasi rahbari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Sog`liqni saqlash vazirligi rahbarlariga Eyskga uchib ketishni tayinlagan.
Aviahalokat fakti bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atilgani aytiladi.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, jami 17 xonadon zarar ko`rgan.