Poytaxtimizning Mirobod tumanida “Tez yordam” xodimlari kaltaklangani haqida xabar bergan edik. Ayni paytda ushbu hodisa oqibatida jiddiy tan jarohati olgan “103” haydovchisi I.H. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tegishli muolajalarni olmoqda. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar berdi.
Dastlabki tekshiruvlar natijasida unga “Bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq to`qimalarining lat eyishi” tashxisi qo`yilgan.
Sog`liqni saqlash vaziri B.Musaev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining neyroxirurgiya bo`limida davolanayotgan ushbu bemor holidan xabar oldi.
– Afsuski, keyingi paytlarda o`z xizmat vazifasini o`tayotgan shifokor va hamshiralar, ayniqsa, “Tez yordam” xodimlariga nisbatan kuch ishlatish holatlari tez-tez uchramoqda, – dedi B.Musaev. – Aholining sog`ligini himoya qilishda o`zini ayamay jon kuydirayotgan tizim xodimlariga tajovuz qilgan kimsalarga nisbatan qonunchilikda qat`iy javobgarlik belgilanishi ustida ishlanmoqda. O`ylaymanki, qonunchilikka kiritilayotgan bu o`zgarishlar soha vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim asos bo`ladi.
Vazir bemor bilan muloqot davomida unga tezroq sog`ayishini tilab, mushtumzo`r fuqaroga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo belgilanishi uchun barcha zarur choralar ko`rilishini ma`lum qilgan.
Shuningdek, suhbat davomida bemor o`z holidan xabar olgani kelgan vazirga alohida minnatdorlik bildirib, 64 yoshga kirganiga qaramay, xalq salomatligi yo`lida g`ayrat-shijoat bilan mehnat qilishdan tolmasligini, otasi tengi insonga, qolaversa, tibbiyot brigidasi tarkibida chaqiruv manziliga borgan shifokor ayolga qo`l ko`targan kimsa esa qonun oldida javob berishiga qat`iy ishonishini ta`kidladi, deyiladi xabarda.
Muloqot so`ngida o`z xizmat vazifasiga mas`uliyat bilan yondashib, muhim daqiqalarda tezkorlik va professionallik sifatlarini namoyon etgan tez tibbiy yordam brigadasi xodimiga “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash a`lochisi” ko`krak nishoni berildi.