Dushanba kuni Rossiya va Ukraina tomonlari o`rtasida yana bir mahbus almashinuvi bo`lib o`tdi, deb xabar qildi "Sputnik" Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib.
Ma`lumotlariga ko`ra, muzokaralar natijasida Kiev nazorati ostidagi hududdan 110 nafar rossiyalik, jumladan, 72 nafar dengizchi qaytarilgan.
“17 oktyabr kungi muzokaralar jarayoni natijasida Kiev rejimi nazorati ostidagi hududdan 110 nafar Rossiya fuqarosi, shu jumladan 2022 yil fevralidan buyon Kiev tomonidan ushlab turilgan 72 nafar rossiyalik dengizchi qaytarildi”, — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida.
Ozod qilingan rossiyaliklar Moskvaga olib ketilib, ularga zarur tibbiy va psixologik yordam ko`rsatilgan.
Ukraina Qurolli Kuchlarining 108 nafar ayol harbiy xizmatchisi Ukraina tomoniga topshirilgan.
Ta`kidlanishicha, ikki ukrainalik ayol Ukrainaga qaytishdan ixtiyoriy ravishda bosh tortgani uchun Rossiya hududida qoldirilgan.
Vazirlikning qayd etishicha, mahbuslar almashinuvi Rossiya Federasiyasidagi Inson huquqlari bo`yicha vakil Tatyana Moskalkovaning shaxsan ishtirokida bo`lib o`tgan.