AsosiyJamiyat

Farg`onada o`z erlaridan "ixtiyoriy" voz kechgan fermerlar ishi o`rganib chiqildi

'Farg`onada o`z erlaridan "ixtiyoriy" voz kechgan fermerlar ishi o`rganib chiqildi'ning rasmi

Farg`ona viloyati Uchko`prik tumanida fermerlar hokimiyat binosiga chaqirilib, o`z erlaridan "ixtiyoriy" voz kechish yuzasidan ariza rasmiylashtirilgani aniqlangandi.

Viloyat hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Ta`kidlanishicha, 13 oktyabr kuni Uchko`prik tumanida fermerlar er ijara shartnomalari bekor qilinishini so`rab ariza yozishi bilan bog`liq holat viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida to`liq o`rganib chiqildi.
O`rganish natijasida materialda keltirilgan iddaolar o`z tasdig`ini topmadi. Biroq fermerlarning shartnoma hamda reja hajmlari bo`yicha e`tirozlari o`rganilganda bu borada qator kamchiliklarga yo`l qo`yilgani ma`lum bo`ldi. Tuman hokimining paxta etishtirish va sotish hajmlarini belgilash haqidagi qarorlari va ilovalari ba`zi holatlarda fermer xo`jaliklari e`tiboriga etkazilmagani, ba`zi holatlarda paxta etishtirish bo`yicha hosildorlik ko`rsatkichlari mutaxassislar xulosalariga asoslanilmagan va er egalarining fikrlari hisobga olinmagan holda belgilab yuborilgani, shartnomalarni rasmiylashtirish va ro`yxatga olish ishlarining tegishli nizom talablariga muvofiq yuritishi to`la ta`minlanmagani kabi holatlar aniqlandi. Yuqoridagi holatlar tumanda fermer xo`jaliklarining ijtimoiy tarmoqlar orqali noroziligiga sabab bo`lgan, deyiladi hokimlik xabarida.

Qayd etilishicha, fermerlarning mahalliy hokimlik, davlat organlari hamda klaster korxonasiga nisbatan ishonchsizligiga sabab bo`layotgan omillarni o`z vaqtida bartaraf etib borish chorasini ko`rmagan tuman hokimi o`rinbosari D.Qurbonov, tuman qishloq xo`jaligi bo`limi boshlig`i o`rinbosari M.Rahmonov, fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari tuman kengashi mutaxassisi Y.Mamatqulov intizomiy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmay, fermerlarning noroziligiga sababchi bo`lgan tuman hokimi Abror Asqarovga nisbatan “hayfsan” jazosi qo`llanadigan bo`ldi. 

Qolgan sektor rahbarlari — tuman prokurori O`ktamali Yulchiev, tuman IIB boshlig`i Akmal Sotiboldiev va tuman DSI boshlig`i Usmonali Ahmadalievning xatti-harakatlari bo`yicha xizmat tekshiruvi tayinlandi. Ularning xatti-harakatiga xizmat tekshiruvi natijasi bo`yicha qonuniy baho beriladi.

    Boshqa yangiliklar