Andijon viloyatining Marhamat tumanida jome masjidi butkul yonib ketdi. Masjid yonayotgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat bo`yicha tuman hokimligi rasmiy ma`lumot berdi.
Bildirilishicha, Marhamat tumani Favqulodda vaziyatlar bo`limi 20-Yong`in qutqaruv qismiga kecha, 19 oktyabr kuni soat 13:59 da tumanning “Gar-gar” MFY Malham ko`chasi 1-uyda joylashgan “Obidjon Botirov” jome masjidida yong`in sodir bo`lgani haqida xabar kelib tushgan.
Marhamat tumani FVB 20-YoQQning 1-2-jangovar bo`linmasi soat 14:06 da voqea joyiga etib borgan. Biroq Masjiddagi yong`inning maydonidan kelib chiqqan holda Asaka tumani FVB va Buloqboshi tuman FVBdan qo`shimcha yordam chaqirilgan.
Yong`in soat 14:09 da o`rab olinib, soat 14:35 da butunlay bartaraf etilgan. Yong`inga 5 ta yong`in qutqaruv ekipajlari jalb etildi.






