Shu kunlarda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan o`tkazilayotgan salomatlik aksiyasining navbatdagi bosqichiga start berilgan. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar berdi.
Uning doirasida Toshkent viloyatida istiqomat qilayotgan murakkab jarrohlik amaliyotlariga muhtoj, biroq davolanishga imkoni yo`q 500 nafardan ziyod bemorlarda davlat hisobidan yuqori texnologik operasiyalar bajarilyapti.
E`tiborli jihati, bunday noyob amaliyotlarga dunyoning qator rivojlangan mamlakatlaridan ham tibbiyot olimlari va etakchi mutaxassislar jalb qilinyapti.
Xususan, sog`lomlashtirish aksiyasi doirasida operasiyaga yo`naltirilganlar orasida tayanch-harakat tizimi xastaliklaridan aziyat chekayotgan bemorlar ham kam emas.
Ayni kunda ular Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida chet ellik mutaxassislar ishtirokida innovasion muolaja usullari orqali salomatligini tiklamoqda.
— Hozir muassasamizga Hindistonning “Artemis” gospitali, Rossiya travmatologiya va ortopediya milliy tibbiyot markazi hamda AQShning Kaliforniya universiteti mutaxassislari tashrif buyurgan, — deydi markaz direktori Murod Irismetov.
— Masalan, hindistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda elka bo`g`imi kasalliklarida vujudga keladigan kontrakturalar, ya`ni qo`lni butunlay yoki qisman qimirlata olmaslik, juda kuchli og`riq bilan kechadigan holatlarni bartaraf etishga qaratilgan amaliyotlarni o`tkazdik.
Bu singari ilg`or artroskopik va endoskopik muolaja usullari natijasida bir guruh bemorlar uzoq yillik xastaligidan sanoqli soatlar ichida xalos bo`ldi.
Shuningdek, AQShdan tashrif buyurgan tibbiyot olimlari bilan hamkorlikda orqa miya va umurtqa pog`onasining turli patologiyalari bilan og`rigan 20 nafardan ortiq bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, ularning bir qismida noyob va murakkab operasiyalar bajarildi. Umurtqa pog`onasiga kaminvaziv usulda, terini kesmasdan turib transpedikulyar moslamasi o`rnatilishi shular jumlasidan.
Rossiyalik mutaxassislar esa bemor bolalarda uchraydigan ortopedik xastaliklarni jarrohlik yo`li bilan davolash bo`yicha o`z mahorat va tajribalari bilan o`rtoqlashdi.
Qolaversa, sog`lomlashtirish aksiyasi doirasidagi bunday yuqori texnologik amaliyotlarga Turkiya, Bangladesh, Janubiy Koreyadan ham malakali jarrohlar hissa qo`shishi kutilmoqda.
20.10.2022 19:04
Xorijlik mutaxassislar ishtirokida ehtiyojmand bemorlarda bepul operasiyalar o`tkazilmoqda — SSV
