Joriy yilning 22 oktyabr kuni soat 04:55 da Sirdaryo viloyati Malik aholi punktidagi Mudofaa vazirligi omborida yakka tartibda portlash sodir bo`lgani haqida xabar bergan edik.
Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur voqea oqibatida jabrlanganlar holati yuzasidan quyidagilarni ma`lum qiladi.
Aniqlanishicha, Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Malik SIU da yuz bergan portlash haqida soat 05:01 da tuman tez tibbiy yordam bo`limiga xabar kelib tushgan. Shundan so`ng ushbu hodisa natijasida shikastlangan 16 nafar bemorning 12 nafari Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.
Barcha jarohat olganlarga zudlik bilan birinchi yordam ko`rsatilgan. Xususan, 5 nafar fuqaro Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo`limida, 7 nafar bemorga esa ambulator yordam ko`rsatildi.
Shuningdek, 4 nafar bemor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo filialida stasionar kuzatuvga olindi. Jabrlanganlar orasida jiddiy jarohat olgan va og`ir ahvoldagi bemorlar yo`q.
Ta`kidlanishicha, ayni paytda RShTYoIM va uning Sirdaryo filialidan malakali shifokorlar Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga safarbar qilingan. Sog`liqni saqlash vazirligi ushbu bemorlar holatini o`z nazoratiga olgan.






