Samarqand viloyatida 1,6 ming dollar evaziga jarima maydonchasidagi avtomobilni chiqarib berishni aytgan shaxs ushlandi. Bu haqda IIV YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 20 oktyabr kuni IIV ShXBB Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasiga fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. U o`z murojaatida 16 oktyabr kuni soat 17:00 larda spirtli ichimlik iste`mol qilib, o`ziga tegishli bo`lgan Nexia-3 rusumli avtomobilni Samarqand shahar, Rudakiy ko`chasida boshqarib borayotgan vaqtida YPX inspektorlari tomonidan to`xtatilgani, mastlik holati bo`yicha alkotester moslamasi orqali tekshiruvdan o`tganini, mastlik holati tasdiqlangani sababli unga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobili vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilganini bildirgan.
Shundan so`ng B. ismli shaxs unga nisbatan rasmiylashtirilgan bayonnomani tanishlari orqali sudga yubormaslik va avtomobilini jarima maydonidan olib chiqishni va`da qilib, 1,6 ming dollar miqdorida pul berishini so`ragan.
Mazkur murojaat yuzasidan 20 oktyabr kuni IIV ShXBB Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Q.B. murojaat muallifidan 1,6 ming dollar miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.