AsosiyJamiyat

Xitoylik olimlar silni davolashning samarali yo`lini topishdi

'Xitoylik olimlar silni davolashning samarali yo`lini topishdi'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, dunyoda yiliga 10 million kishi tuberkulyoz xastaligiga chalinadi. Bu haqda zamon.uz xabar qildi.

Ma`lumki, tuberkulyoz 99 foiz holatda havo-tomchi yo`li orqali yuqadi va asosan o`pkani zararlaydi. Xastalik qo`zg`atuvchisi sil tayoqchalari hisoblanib, ular har qanday sharoitga chidamli. Ya`ni issiqda ham, sovuqda ham ko`paya olish xususiyatini yo`qotmaydi.

Yaqinda xitoylik olimlar mazkur bakteriyaning immunitetga oson “chap berishi” sababini aniqladi.

Tadqiqotchilar xulosasiga ko`ra, sil tayoqchasi infeksiyadan zararlangan hujayraning o`z-o`zini yo`q qilishiga yo`l bermaydi va yallig`lanish reaksiyasini keltirib chiqaradi.

Shu bois Xitoy mikrobiologiya instituti olimlari sil tayoqchasining butun genomini va u ajratib chiqaradigan hamda hujayralarga ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan barcha oqsillarni o`rgandi.

Yakunda shubha ostiga olingan 201 ta oqsil orasidan PtpB deb nomlangani ajratib olindi. Ma`lum bo`lishicha, u zararlangan hujayralarning o`z-o`zini yo`q qilishiga qarshilik ko`rsatish xususiyatiga ega. Ya`ni bemor immunitetining javob reaksiyasini susaytirib, infeksiyaning o`pka bo`ylab keng tarqalishiga imkon yaratadi.

Aytish joizki, ushbu tadqiqot natijasi kelgusida patogenning o`ziga emas, bevosita oqsillarga ta`sir qilish orqali tuberkulyozni davolash usullarini ishlab chiqishga yordam berishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar