2022 yil 21 oktyabr kuni Samarqand shahrida xalqaro aviakompaniyalar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar vakillari, shuningdek, diplomatik korpus, vazirliklar, idoralar va ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonda jamlagan “Discovering Uzbekistan” ikkinchi xalqaro turizm konferensiyasi bo`lib o`tdi.
Turizm va madaniy meros vazirligi, "Uzbekistan Airports" aksiyadorlik jamiyati, Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirliklari va Samarqand turistik markazi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirdan ko`zlangan maqsad "O‘zbekiston" deb nomlangan turizm mahsuloti haqida so`z yuritish va mamlakatimizni xorijlik sayyohlar uchun ochishdir.
Konferensiyada nutq so`zlagan Bosh vazir o`rinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov tadbir nega aynan Samarqandda o`tkazilayotganligiga alohida e`tibor qaratdi.
"O`zbekistonning turizm sanoati mahalliy hamda xorijiy sayyohlarga xizmat ko`rsatishga tayyor. Biz kelgusi yil xorijiy turistlar sonini 7,3 mln va mahalliy sayyohlar sonini 12 mln. nafarga etkazishni rejalashtirganmiz. Rejalarimizni amalga oshirishda avvalo transport-logistika sohasida yaratilgan qulay imkoniyatlardan birgalikda samarali foydalanishimiz zarur, – dedi vazir. – Shu nuqtai nazardan mazkur tadbir sohadagi turizm va transport tashkilotlari, ekspertlar va xorijlik hamkorlar uchun samarali hamda manfaatli bo`lishiga ishonaman”.
Aziz Abduhakimov konferensiya yakunlariga ko`ra sohaning rivojlanishi yo`lida yangi tashabbuslar ilgari surilishiga ishonch bildirdi. Konferensiyada turizm va aviasiya sohalarining muammoli masalalari muhokama qilindi, alohida hududlar va noodatiy turistik joylar taqdimoti amalga oshirildi.
Shuningdek, O`zbekiston aeroportlarining imkoniyatlari va reyslar sonini ko`paytirish rejalari haqida so`z yuritildi. Bundan tashqari, yangi mintaqaviy aviakompaniya — "Silk Avia" taqdimoti o`tkazildi.