Bugun, 23 oktyabr kuni Toshkent metrosining “Erusti halqa yo`li” yo`nalishida poezdlar harakati vaqtincha to`xtab qoldi. Holat yuzasidan “Toshkent metropliteni” DUK rasmiy munosabat bildirdi.
Ta`kidlanishicha, Qo`yliq dehqon bozori oldida qurilayotgan avtomobil yo`l ko`prigidagi qurilish uchun mo`ljallangan materiallari bugungi yomg`ir natijasida poezdlar harakatiga xavf (gabaritdan tashqarida) solgan.
Shu munosabat bilan metro harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida belgilangan yo`riqnomaga asosan “Erusti halqa yo`li” yo`nalishidagi metro poezdlari harakati 9:00 dan 9:25 ga qadar vaqtincha to`xtatilgan. Ayni vaqtda ma`sullar tomonidan qurilishdagi ushbu kamchiliklar bartaraf etilgan hamda poezdlar harakat jadvali asosida harakatlanmoqda.