AsosiyJamiyat

Farg`onada bog`chada bolalar ovqatdan zaharlangani aytildi

'Farg`onada bog`chada bolalar ovqatdan zaharlangani aytildi'ning rasmi

Holatga oydinlik kiritildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg`ona viloyati Oltiariq tumanidagi 13-sonli davlat maktabgacha ta`lim massasasining 20 nafardan ortiq tarbiyalanuvchisi ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilganiga oid xabarlar tarqaldi.

 

Sog`liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, 21 oktyabr kuni soat 11:45 lar atrofida Oltiariq tumanidagi 13-sonli davlat maktabgacha ta`lim tashkilotining bir guruh tarbiyalanuvchilarida tana harorati ko`tarilishi oqibatida Povulg`on oilaviy shifokor punktiga murojaat bo`lgan.  

Surishtiruv davomida ma`lum bo`lishicha,  mazkur bog`chada bir kun avval “Hosiljon-mehrjon” bayrami o`tkazilib, tadbir doirasida tashkil etilgan ko`rgazmali stol dasturxoni qator qishloq xo`jaligi mahsulotlari, jumladan, uzum, hurmo, olma, banan, tarvuz hamda turli qandolatlar bilan bezatilgan. Bolajonlar esa ushbu eguliklardan tartibsiz ravishda iste`mol qilgan.  

21 oktyabr kuni oilaviy shifokor punktiga bo`lgan murojaat asosida 8 nafar bemor tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo`limiga yotqizilgan. Dastlabki tekshiruvlar natijasiga ko`ra,  ularda ovqatdan zaharlanish belgilari kuzatilmagan.  

"Hozir ushbu bolajonlarning umumiy holati qoniqarli. Tegishli simtomatik davo muolajalaridan so`ng kichkintoylardan 5 nafariga uyga javob berilgan.

Shuningdek,  shifoxonaga yotqizilgan bog`cha tarbiyalanuvchilaridan olingan tibbiy tahlil namunalari laboratoriyaga yuborilgan. Holat yuzasidan mutaxassislar tomonidan tekshiruv-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda", — deyiladi xabarda.

Eslatib o`tamiz, ayni paytda mazkur o`g`il-qizlar salomatligini Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Maktabgacha ta`lim vazirligi o`z nazoratiga olgan.  

    Boshqa yangiliklar