AsosiyJamiyat

1 yanvardan umumiy o`rta ta`lim muassasalarida o`zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosi o`rgatiladi

'1 yanvardan umumiy o`rta ta`lim muassasalarida o`zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosi o`rgatiladi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, “O`zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko`ra, o`zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirishning asosiy yo`nalishlaridan biri etib o`zbek imo-ishora tilini yanada rivojlantirish va uning huquqiy maqomini oshirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, undan muloqot vositasi sifatida foydalanishni rag`batlantirib borish belgilandi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab, umumiy o`rta ta`lim muassasalari hamda “Ishga marhamat” monomarkazlarida o`zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o`rgatish bo`yicha maxsus o`quv kurslari tashkil etiladi.

Maxsus o`quv kurslarida ko`rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo`lgan shaxslar hamda ushbu toifadagi voyaga etmagan bolalarning ota-onalari yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar – bepul, qolgan shaxslar – pullik asosda o`qitiladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat telekanallarida haftalik efir vaqtining kamida besh foiz hajmidagi ko`rsatuvlar surdotarjima, yashirin subtitrlar yoki “yuguruvchi satrlar” bilan namoyish etiladi.

2024/2025 o`quv yilidan boshlab kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalarining o`qituvchi lavozimiga faqat dars o`tiladigan imo-ishora tilini biladigan pedagog kadrlar ishga qabul qilinadi.

2023/2024 o`quv yili uchun oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda surdopedagogika va tiflopedagogika yo`nalishlari bo`yicha davlat granti asosidagi qabul ko`rsatkichlari 25 foizga oshiriladi.

2023 yildan boshlab har yili sentyabr oyida “Imo-ishora tili bo`yicha eng yaxshi tarjimon” tanlovi o`tkaziladi va tanlov g`oliblari quyidagicha tartibda pul mukofotlari bilan rag`batlantiriladi:

▫️1-o`rin uchun – BHMning 100 baravari;  

▫️2-o`rin uchun – BHMning 65 baravari;

▫️3-o`rin uchun – BHMning 50 baravari.

    Boshqa yangiliklar