Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga O`zbekiston xalq yozuvchisi O`tkir Hoshimovning merosxo`ri, ya`ni o`g`li F.Hoshimov murojaat kelib tushgan. Murojaatda qayd qilinishicha, SAMISI mas`ul xodimi I.N. tomonidan institutning internet tarmog`idagi rasmiy saytiga O`tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” nomli kitobining nusxasi huquq egalarining ruxsatisiz joylashtirilgan. Bu haqda "Darakchi.uz"ga viloyat Adliya boshqarmasi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Murojaatni ko`rib chiqish davomida Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan mazkur oliygoh mas`ullari “Ikki eshik orasi” nomli kitobdan ular o`rtasida hech qanday kelishuv amalga oshirilmasdan noqonuniy foydalanilganligi o`z tasdig`ini topgan. Ma`lum bo`lishicha, institut saytidan ushbu kitobning elektron nusxasi sayt foydalanuvchilari tomonidan 10 449 marotaba yuklab olingan.
Fuqaro mazkur harakatlari bilan mualliflik huquqlarini buzgan. O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 177 (1), 280-moddalarini qo`llab, intellektual mulk sohasida huquqbuzarlik sodir etgani uchun fuqaro I.N. ma`muriy javobgarlikka tortildi hamda O`zbekiston xalq yozuvchisi O`tkir Xoshimov qalamiga mansub ushbu kitob institut saytidan olib tashlandi.
Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar to`g`risida”gi Qonunining 19-moddasiga ko`ra, muallif asardan har qanday shakilda va har qanday usulda foydlanishda mutloq huquqlarga ega. Yuridik va jismoniy shaxslar, qonunda ko`rsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Qonunning 61-moddasiga muvofiq mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo`lishi belgilab qo`yilgan.






