Konstitusiyaga kiritilayotgan o`zgartish va qo`shimchalarning bosh maqsadi – inson va uning qadrini yanada ulug`lashga qaratilgan. Konstitusiyaviy islohotlarda xalqimiz milliy birdamlik va yakdillik asosida faol qatnashgani ham mazkur islohotlarga bo`lgan ehtiyojning hayotiy ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko`rsatdi.
O`zbekiston inson huquq va erkinliklariga oid konstitusiyaviy prinsiplarni belgilamoqda. Masalan, konstitusiyaviy qonun loyihasida 1-moddaga asosan O`zbekiston – huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat ekanini belgilash taklif etilgan.
Konstitusiyada belgilangan asosiy prinsiplarning o`ziga xos jihati shundaki, ular Konstitusiyaning boshqa qoidalari va qonun hujjatlari uchun birlamchi normativ asos vazifasini bajaradi. Ya`ni davlat suvereniteti bobida O`zbekistonning huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat qurish sifatida berilishi normani ortiqcha jumlalar bilan to`ldirish emas, balki mazkur xususiyatlar O`zbekistonning eng oliy maqsadlari ekanini anglatadi. Bundan tashqari, asosiy prinsip bo`limida davlatning asosiy maqsadi belgilanishi davlatning mohiyatini ham ochib beradi.
Davlatning huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy xususiyatlariga ega bo`lishi konstitusiyaviy qonun loyihasining boshqa moddalarida yanada to`ldirilgan. Davlatning huquqiy xarakteri 13-moddada inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko`tarish hamda 15-moddada Konstitusiya va qonunlar ustuvorligini ta`minlash orqali rivojlantirilgan.
Xususan, Konstitusiyaning 13-moddasida insonga nisbatan huquqiy ta`sir chorasi davlat organi tomonidan ko`zlanadigan qonuniy maqsadga erishish uchun etarli bo`lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug`dirmasligi kerak deb belgilanmoqda.
Ya`ni ayrim holatlarda, qonunchilik bilan fuqaroga bajarib bo`lmaydigan yoki bajarish qiyin bo`lgan majburiyatlar yuklanishiga guvoh bo`lganmiz. Aslida, qonunlar insonga hech qachon ortiqcha talab qo`ymasligi kerak. Qonun inson hayotini og`irlashtirishi emas, balki imkon qadar engillik berishi lozim.
Shuningdek, huquqiy davlatda barcha munosabatlar aniq qoidalar bilan tartibga solingan bo`lishi kerak. Hech bir munosabat huquqiy echimsiz qolmasligi shart deymiz. Ammo zamon rivojlangan sari echimi qonunchilikda ko`rsatilmagan yoki noaniqliklarga sabab bo`lgan ayrim ijtimoiy munosabatlar, shunday vaziyatlar yoki holatlar vujudga kelishi mumkin. Bu inkor etib bo`lmas fakt, aksioma. Asosiysi, mana shunday holatlarda muammo kimning foydasiga va qanday tartibda hal etilishi muhim ahamiyatga ega.
Insonning davlat organlari bilan o`zaro munosabatga kirishishida qonunchilikdagi bartaraf etib bo`lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi Konstitusiya darajasida belgilanmoqda. Bu, eng avvalo, inson qadrini ulug`lash bo`yicha ezgu g`oyaning amalga tatbiq etilishiga, hujjatlarda noaniqlik va qarama-qarshilik paydo bo`lganda davlat manfaatlari emas, inson manfaatlari ta`minlanishiga olib keladi.
Yana bir muhim jihat, inson huquqlari xalqaro standartlar asosida boyitilmoqda, shuningdek, ayrim huquqlar qonunchilik hujjatlaridan Konstitusiya darajasiga chiqarilmoqda.
Xususan, konstitusiyaviy qonun loyihasining 25-moddasiga asosan tadbirkorlar ishtirokidagi shartnomaviy munosabatlarga nisbatan jinoiy-huquqiy ta`sir vositalarini qo`llash yoxud qo`llash bilan tahdid qilish imkoniyatini bartaraf etish, qiynoqlarga yo`l quymaslik belgilanmoqda.
Shuningdek, konstitusiyaviy qonun loyihasi asosida Miranda qoidalari mustahkamlanmoqda, “aybsizlik prezumpsiyasi”ning barcha shakllari to`liq aks ettirilmoqda, ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabatda bo`lish belgilanmoqda, bir jinoyat uchun butun avlod javob berishiga barham berilmoqda.
Yana bir muhim yangilik, konstitusiyaviy qonun loyihasining 26-1-moddasiga asosan jinoyat prosessi ishtirokchilari malakali himoya huquqiga ega bo`lish kafolatlari hamda 26-2-moddasiga asosan ayni bir huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Uzoq yillar xalqimiz hayotida juda katta to`siq sifatida eslanadigan “propiska” institutiga ham barham berilib, Konstitusiyaning 28-moddasiga kiritilayotgan tegishli o`zgartish va qo`shimchalarga ko`ra, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi kafolatlanmoqda.
Har qanday davlatning barqaror rivojlanishining asosiy omillaridan hisoblangan ta`lim tizimini rivojlantirish davlatimiz rahbarining doimiy e`tiborida bo`lib kelgan.
Shu nuqtai nazardan, Konstitusiyaning 41-moddasida ta`lim olish bilan bog`liq konstitusiyaviy kafolatlar ta`lim-tarbiyaning uzviy qismi hisoblangan maktabgacha ta`lim va tarbiyani rivojlantirishga qaratilgan. Ya`ni yoshlarning moddiy ahvolidan qat`i nazar, ta`limni davom ettirish kafolati Konstitusiya darajasida mustahkamlanmoqda.
Bekzod NARIMANOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri,
yuridik fanlar bo`yicha falsafa doktori, dosent






