Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi “Viloyatda yo`l harakati xavfsizligini borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi to`g`risida”gi masalani muhokama qildi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 9-oyi yakuni bo`yicha YTH yuzasidan qo`zg`atilgan jinoyat ishlari soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan 30 taga yoki 10,6 foizga kamaygan.
Qayd etilishicha, YTHlar asosan Jondor (3 taga), Peshko` (1 taga), Qorovulbozor (1 taga) tumanlari hamda Buxoro shahrida (4 taga) ko`paygan. Yo`l-transport hodisalarining 52 tasi tezlikni oshirish oqibatida sodir etilganligi aniqlangan.
Afsuski, Buxoro shahrida umumiy 68 ta yo`l-transport hodisalari sodir etilgan bo`lib, hodisalarning 9 tasi o`lim bilan yakunlangan.
Sessiyada sodir etilgan yo`l-transport hodisalari tahlillaridan kelib chiqib, harakat xavfsizligini ta`minlash, yo`l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yo`llarda tezlikni kamaytirish taklif qilindi.
Unga ko`ra, Buxoro shahridagi I.Karimov, M.Iqbol, Namozgoh, Ibn Sino, B.Naqshband hamda Navoiy shoh ko`chalarida transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligini soatiga 60 km etib belgilash taklif qilindi.
Bu borada deputatlarning fikr-mulohazalari eshitildi va ma`qullandi hamda ushbu taklifni tasdiqlash uchun yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash bo`yicha Respublika maxsus komissiyasiga taqdim etish belgilandi.






