Ukraina bosh vaziri Shveysariyaning Lugano shahrida bo`lib o`tgan konferensiyada mamlakatni qayta qurishning uch bosqichli tiklanish rejasini taqdim etdi.
Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal mamlakatni tiklash rejasini 750 milliard dollarga baholadi.
Shmigal, anjumanda so`zlagan nutqida, 24-fevraldan buyon mamlakat infratuzilmasiga etkazilgan zarar 100 milliard dollarni tashkil etganini aytdi.
Hukumat rahbari Ukrainaga zarur bo`lgan uch bosqichli tiklanish rejasi haqida gapirdi. Bosh vazirning rejasida, birinchi bosqichda odamlarning kundalik hayotini normallashtirish, ikkinchi bosqichda fuqarolar uchun vaqtinchalik uy-joylar, shifoxonalar va maktablar qurish, uchinchi bosqichda esa tiklash jarayonini boshlashga e`tibor qaratilgan.
Evrokomissiya rahbari anjumanda so`zga chiqib, Ukraina iqtisodiyotini tiklash uchun Evropa Ittifoqining maxsus platformasi yaratilishini ma`lum qilgan.
Uning so`zlariga ko`ra, urush boshlanganidan beri EI Ukrainaga 6,4 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam yuborgan.
Ukrainani tiklash bo`yicha anjuman ertaga yakunlanadi.






