AsosiyJamiyat

Tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarida g`olib deb topilmagan 364 ta loyiha uchun qo`shimcha mablag` ajratiladi

'Tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarida g`olib deb topilmagan 364 ta loyiha uchun qo`shimcha mablag` ajratiladi'ning rasmi

“Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish ko`lamini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot xabar qilmoqda.

Qarorga ko`ra, 2022 yil iyul–sentyabr oylarida o`tkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz to`plagan, lekin g`olib deb topilmagan 364 ta loyihani amalga oshirish uchun qo`shimcha 335 milliard so`m mablag` ajratiladi. 

2023 moliya yilidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yo`li bilan aniqlanadi.

Shuningdek, hokimliklar byudjetida shakllangan qo`shimcha mablag`larning 30 foizi tuman (shahar)larda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo`naltiriladi.

Qarorga ko`ra: 

- tuman (shahar) byudjetlari mablag`lari doirasida jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish jarayonining birinchi mavsumi – har yili fevral–mart oylarida, ikkinchi mavsumi har yili iyun–iyul oylarida;

-“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali keyingi yil uchun tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni – har yili noyabr–dekabr oylarida o`tkaziladi.

 

    Boshqa yangiliklar