AsosiyJamiyat

Toshkentda ichimlik reklamasida behayo harakatlar qilgan qizlar bo`yicha IIVga so`rov yuborildi

'Toshkentda ichimlik reklamasida behayo harakatlar qilgan qizlar bo`yicha IIVga so`rov yuborildi'ning rasmi

Toshkentda ichimlik reklamasi muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Tabni xira qiluvchi video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Kadrda qizlarning behayo harakatlangani aks etadi. 

Bu jamoatchilikning g`azabiga sabab bo`layotgan edi.

Ayni paytda bu harakatlar yuzasidan IIVga so`rov yuborilgan. Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabarida bu haqda so`z boradi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “Mountain Dew” tovar belgisi ostidan o`tkazilgan tadbirida axloqsizlik va hayosizlik xatti-harakatlari namoyish  etilgan videorolik bo`yicha agentlik tezkor o`rganish o`tkazdi.

Ma`lum bo`lishicha, “Mountain Dew” tovar belgisi ostida chiqarilgan gazlangan ichimligi sertifikatlashtirish organi tomonidan 2021 yil 8 iyulda UZ.SMT.01.0033.66104488-sonli muvofiqlik sertifikatiga asosan gazlangan alkogolsiz ichimliklar tasnifiga kiritilgan va energetik ichimlik hisoblanmaydi. Shu bois, O`zbekiston Respublikasining “Reklama to`g`risida”gi Qonunining 37-moddasiga asosan Energetik ichimliklarning reklamasiga doir belgilangan cheklovlar unga nisbatan tatbiq etilmaydi.

37-moddada nimalar aks etadi?

Unga ko`ra, energetik ichimliklarning reklamasida, har bir holda, bunday ichimliklarni haddan ziyod iste`mol qilishning zarari to`g`risidagi ogohlantirish, shuningdek bunday ichimliklarni iste`mol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo`lishi kerak.

  • Energetik ichimliklarning reklamasi:
  • energetik ichimliklarni iste`mol qilish jarayonlarini namoyish etmasligi;
  • sportda yutuqlarga erishgan insonlarning tasvirini o`z ichiga olmasligi;
  • energetik ichimliklarni iste`mol qilish reklamadan foydalanuvchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirmasligi kerak.

Quyidagilar taqiqlanadi:

  • soat 7.00 dan soat 22.00 ga qadar energetik ichimliklarni televidenie va radio orqali reklama qilish;
  • tashqi reklama va axborot ob`ektlari (konstruksiyalari) orqali energetik ichimliklarni reklama qilish;
  • energetik ichimliklar namunalarini voyaga etmaganlar o`rtasida reklama qilish maqsadida bepul tarqatish;
  • voyaga etmaganlarga energetik ichimliklarni reklama qilish;
  • asosan voyaga etmaganlar uchun mo`ljallangan tadbirlarga homiylik qilish, agar bunda energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko`rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalaniladigan bo`lsa;
  • voyaga etmaganlar orasida energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko`rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalanilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, o`yinlarni va boshqalarni) tarqatish, shu jumladan sotish;
  • asosan bolalar va o`smirlar uchun mo`ljallangan bosma nashrlarda, shuningdek tibbiyot, sport va ta`lim muassasalarida hamda tashkilotlarida energetik ichimliklarni reklama qilish;
  • energetik ichimliklardan foydalanilgan holda rag`batlantiruvchi aksiyalar o`tkazish.

Bundan kelib chiqadiki, ushbu moddaga ko`ra, “Mountain Dew” ni tashqi reklama va axborot ob`ektlari (konstruksiyalari) orqali  reklama qilish mumkin bo`lgan.

Biroq undagi axloqsizlik holatlari qoralanmoqda. 

Ta`kidlanishicha, tarqalgan videorolikda joriy yilning 15 oktyabr kuni Toshkent shahrida o`tkazilgan “Avto – Shou” tadbiri qatnashuvchilar tomonidan videotasvirga olingan va ijtimoiy tarmoqda joylashtirilgan.

"Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan bunday axloqsizlik va hayosizlik xatti-harakatlari namoyish etilganligi holati yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko`rish uchun O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga so`rov xati yuborildi", — deya ma`lum qilinmoqda. 

Ma`lumot uchun, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasiga asosan, bezorilik, ya`ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do`pposlash, badanga engil shikast etkazish yoki o`zganing mulkiga shikast etkazish yoxud nobud qilish ancha zarar etkazish bilan bog`liq holda sodir etganlik uchun huquqbuzarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan.

O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining 183-moddasiga asosan mayda bezorilik, ya`ni jamoat joylarida uyatli so`zlar bilan so`kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik huquqbuzarga nisbatan ma`muriy javobgarlik bor.

    Boshqa yangiliklar