AsosiyJamiyat

Alimentdan bo`yin tovlaganlarning qarzdorliklari jamg`armadan qoplab beriladi

'Alimentdan bo`yin tovlaganlarning qarzdorliklari jamg`armadan qoplab beriladi'ning rasmi

Davlat rahbarining joriy yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo`llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga asosan Majburiy ijro byurosining “Aliment to`lovlari” davlat maqsadli jamg`armasi tashkil etildi. Hujjat ijrosini ta`minlash maqsadida 2022 yil 3 avgustdagi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinib, “Aliment to`lovlari jamg`armasi to`g`risida” Nizom tasdiqlangan.

Jamoatchilik o`rtasida barcha endi aliment qarzdorliklari davlat tomonidan to`lab berilishi kerak, lekin ijrochilar paysalga solmoqda degan turli fikrlar paydo bo`lmoqda. Xo`sh, aslida amaliyotning tartib-talablari qanday, u qay tarzda tatbiq etilmoqda? Bu haqda MIBning Camarqand viloyat boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`yicha katta inspektor Do`stbek Sulaymonov ma`lumot berdi.  

Ma`lum qilinishicha, jamg`arma mablag`lari voyaga etmagan farzandini moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlaganlik uchun qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment to`lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplab berishga yo`naltiriladi.

Bunda qarzdorlikni qoplab berish uchun majburiy ijro harakatini amalga oshirgan davlat ijrochisining aliment to`lovlarini qoplab berish to`g`risidagi qarori asos bo`lib hisoblanadi.

Demak, endilikda ushbu qarorga muvofiq o`z majburiyatlarini bajarishdan qasddan bo`yin tovlagan va bu qilmishlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorlarning aliment bo`yicha qarzdorliklari “Aliment to`lovlari” jamg`armasidan qoplab beriladi.

Ma`lumot uchun: aliment qarzdorligi jamg`arma mablag`idan undiruvchiga to`lab berilgani, qarzdor zimmasidan bu masala butkul olib tashlanganini bildirmaydi. Ya`ni, jamg`arma hisobidan aliment uchun qoplab berilgan mablag`larni jamg`armaga qaytarish bo`yicha qonunchilikda belgilangan tartibda ijro harakatlari amalga oshiriladi. Agar qarzdor qamoqda va ishlayotgan bo`lsa jazoni ijro etish muassasasiga ish haqi bo`yicha davlat ijrochisi tomonidan talabnoma yuboriladi.

    Boshqa yangiliklar